Bugun 5 avgust, 2025 yil, seshanba

КИР

Rossiya toliblarni tan oldi: endi mintaqadagi barcha davlatlar siyosati o‘zgaradimi?

Rossiya toliblarni tan oldi: endi mintaqadagi barcha davlatlar siyosati o‘zgaradimi?

Moskva 3 iyul kuni rasman toliblarni tan oldi. Bu nafaqat geosiyosiy, balki iqtisodiy hisob-kitob bo‘lib, endi O‘zbekiston, Qozog‘iston va Xitoy singari davlatlar ham shunday yo‘l tutishi mumkin.

2025 yil 3 iyulidan boshlab Afg‘onistonda hokimiyatni egallab turgan «Tolibon» harakatining oq matoga qora harfda shahodat kalimasi tushirilgan bayrog‘i Moskva markazida joylashgan Afg‘oniston elchixonasi ustida ko‘tarildi. Bu — 2021 yilda Kobuldagi avvalgi hokimiyat qulaganidan beri ilk bor yirik jahon davlati «Tolibon» hukumatini rasman tan olganini anglatadi. Ilgari Rossiya mazkur afg‘on harakatiga qarshi qat’iy pozisiyada turgan bo‘lsa-da, endi o‘z tashqi siyosiy kursini tubdan o‘zgartirdi.

2003 yili «Tolibon»ni terrorchilik tashkiloti deb e’lon qilgan mamlakat bugungi kunda ushbu harakatni terrorizmga qarshi kurashdagi hamkor sifatida ko‘rmoqda. Xo‘sh, bu orada qanday juz’iy o‘zgarishlar bo‘ldi?

Keling, tarixga bir nazar tashlaylik.

1990-yillar oxirida «Tolibon»ning Afg‘onistonda birinchi bor hokimiyatga kelishi Moskvada jiddiy xavotir uyg‘otgandi. Bu harakat o‘sha paytda Checheniston mustaqilligini ochiq tan olgan va hatto Rossiyaga qarshi jihod e’lon qilgan edi.

Biroq ikki o‘n yillik davom etgan urushlar, ittifoqlar almashinuvi va AQSh qo‘shinlarining Afg‘onistondan chiqib ketishi mintaqadagi siyosiy xaritani mutlaqo o‘zgartirdi. 2017 yildan boshlab Rossiya «Tolibon» yetakchilari bilan norasmiy aloqalarni o‘rnata boshladi, uchrashuvlar tashkil qildi va diplomatik faoliyatini parda ortidan kuchaytirdi.

2021 yilda Qobul hukumati ag‘darilib, G‘arb diplomatlari mamlakatni shosha-pisha tark etayotgan bir paytda, Rossiya elchixonasi eshiklarini yopmadi. Aksincha, uni aynan «Tolibon» jangchilari muhofaza qila boshladi. 2025 yil iyulidagi rasmiy tan olish — bu Moskva so‘nggi o‘n yilda olib borgan aniq hisob-kitobli geosiyosiy o‘yin natijasidir.

Bu qarorga uchta asosiy omil ta’sir ko‘rsatgan. Birinchisi — xavfsizlik masalasi. Rossiya «Tolibon»ni ISHID-Xuroson kabi yanada radikal guruhlarga qarshi tiyib turuvchi kuch sifatida ko‘rmoqda.

Toliblar ham, Rossiya ham ushbu guruhni dushman deb hisoblaydi va unga qarshi kurash olib boradi. Ma’lumki, umumiy dushman ittifoqni mustahkamlaydi. Moskva va Kobuldagi ISHID-Xuroson bilan bog‘liq teraktlardan so‘ng Vladimir Putin «Tolibon»ni terrorchilarga qarshi umumiy kurashdagi ittifoqchi sifatida atagandi:

« Tolibon harakati mamlakatda hokimiyatni nazorat qilmoqda, biz shu nuqtayi nazardan kelib chiqishimiz kerak. Bu ma’noda toliblar shubhasiz terrorchilarga qarshi kurashdagi hamkorlarimizdir», — degandi Putin Ostona shahridagi chiqishida.

Ikkinchisi — ta’sir doirasini kengaytirish. Moskva o‘zining janubiy chegaralarini, ayniqsa Tojikiston va O‘zbekiston bilan bog‘liq hududlarni mustahkamlashga intilmoqda. Qurol-yarog‘ qoldiqlari va mintaqaviy diplomatiya vositalari orqali Rossiya Markaziy Osiyoda o‘z qudratini proyeksiya qilmoqda.

Uchinchi va oxirgi omil — iqtisodiy manfaat. Rossiya Afg‘onistonning ochilmagan bozorlari va tabiiy boyliklariga umid bog‘lamoqda. Toliblar hokimiyatga kelganidan so‘ng ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi deyarli o‘n barobarga oshdi.

2022 yilda o‘zaro savdo hajmi taxminan 170 mln dollar bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib bu ko‘rsatkich 1 mlrd dollardan oshib ketdi. Joriy yil oxiriga qadar esa tomonlar 3 mlrd dollarlik savdo aylanmasini amalga oshirishni va’da qilmoqda.

Endi nima bo‘ladi?

Boshqa davlatlar ham Rossiya ortidan Tolibonni tan olishi ehtimoldan xoli emas.

Ha, Moskva namunasi qo‘shnilar uchun ham turtki bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston harakat rahbarlari bilan muntazam uchrashuvlar o‘tkazib keladi. O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov toliblar hukmronligi ostidagi Afg‘onistonga tashrif buyurgan eng birinchi yuqori martabali inson bo‘ldi. Qozog‘iston esa o‘tgan yiliyoq toliblarni terroristik tashkilotlar ro‘yxatidan chiqargandi.

Belarus, Eron va Hindiston ham o‘z siyosatini qayta ko‘rib chiqishi ehtimoli bor. Xitoy esa Qobul bilan aloqalarni tobora mustahkamlab bormoqda. O‘tgan yili Pekin birinchi marta toliblar tayinlagan Afg‘oniston elchisini rasman akkreditasiya qildi.

Shundan buyon xitoylik kompaniyalar Afg‘onistondagi neft va litiy loyihalariga faol sarmoya kiritmoqda. Joriy yilda esa Xitoy harakatni avgust oxirida bo‘lib o‘tadigan Shanhay hamkorlik tashkiloti sammitiga rasman taklif qildi.

Shu bilan birga, aksariyat g‘arb davlatlari hozircha ehtiyotkorlikni saqlamoqda. Inson huquqlari, ayollar erkinligi va terrorizm xavfi kabi masalalar ularga hali ham yo‘nalishni o‘zgartirishga to‘sqinlik qilmoqda.

Biroq bu tendensiya o‘zgarishi mumkin. Agar boshqa mamlakatlar ham yondashuvini yumshatsa, Afg‘onistonning xalqaro izolyasiyasi tugashi mumkin bo‘ladi. Bu tinchlik tufayli emas — balki geosiyosiy manfaatlar tufayli yuz beradi.

Kiritildi: 17:35 03.08.2025. O'qildi: 798 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!