AQSh birinchi xonimi Melaniya Tramp rahbarligidagi gumanitar missiya doirasida Rossiya noyabr oyida Ukrainaga to‘qqiz nafar bolani qaytarishni rejalashtirmoqda.
Bu haqda Rossiya prezidenti huzuridagi Bola huquqlari bo‘yicha vakil Mariya Lvova-Belova ma’lum qildi.
«Noyabr oyida AQSh birinchi xonimi bilan hamkorlikda bolalarni oilalari bilan birlashtirish bo‘yicha navbatdagi bosqichni amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Ukrainadagi yaqinlari bag‘riga qaytishi uchun to‘qqiz nafar bolaga yordam berishni rejalashtirmoqdamiz», — deb yozgan u ijtimoiy tarmoqda.
U bu izohni AQSh birinchi xonimining Rossiya va Ukraina vakillari bilan gumanitar masalalar muhokama qilingan uchrashuvi yuzasidan bildirgan.
Lvova-Belovaning ta’kidlashicha, 5 noyabr kuni Oq uyda bolalarni oilalari bilan birlashtirish masalasi ham ko‘tarilgan. Uning idorasi Rossiya prezidenti Vladimir Putin topshirig‘iga muvofiq, xalqaro hamkorlar bilan birgalikda bu yo‘nalishda izchil ish olib bormoqda.
«Bolalarning o‘z yaqinlari bag‘riga qaytishida shaxsan ishtirok etgani va ko‘maklashgani uchun Melaniya Trampga minnatdorlik bildiraman», — deya qo‘shimcha qilgan Lvova-Belova.