30 avgustga o‘tar kechasi Ukraina dronlari Rossiyaning bir qator hududlariga, jumladan Leningrad viloyatiga hujum qilgani xabar qilindi.
Leningrad viloyati gubernatori Aleksandr Drozdenkoning ma’lum qilishicha, hudud uzra 62 ta dron urib tushirilgan. Uning aytishicha, Kirishi shahridagi sanoat hududida yong‘in qayd etilgan, ammo voqea tafsilotlari ochiqlanmagan.
«Astra» nashri guvohlarga tayanib, yong‘in Kirishi shahrida joylashgan «Kirishinefteorgsintez» neftni qayta ishlash zavodida sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini yozdi. Ushbu korxona Rossiyaning Yevropa qismidagi yirik neftni qayta ishlash zavodlaridan biri hisoblanadi.
Zavodga ehtimoliy hujum haqida Ukrainaning «Exilnova» Telegram-kanali ham xabar tarqatgan.
«Supernova+» Telegram-kanali esa ko‘p qavatli uyning yuqori qavatlari yaqinida portlash aks etgan videoni e’lon qildi. «Astra»ning yozishicha, tasvirlarda havo hujumidan mudofaa tizimi ishlayotganiga o‘xshash ovozlar eshitiladi. Nashr video Kirishi shahrida olinganini bildirmoqda.
Hozircha jabrlanganlar haqida ma’lumot berilmagan.
Rossiya Mudofaa vazirligi esa tun davomida havo hujumidan mudofaa vositalari Ukrainaga tegishli 494 ta uchuvchisiz uchish apparatini tutib, yo‘q qilganini ma’lum qildi.