Rossiya Davlat dumasi mamlakatda sudlangan va hozirda xorijda bo‘lib, hokimiyat talqiniga ko‘ra jazodan bo‘yin tovlayotgan fuqarolarga nisbatan yangi choralarni nazarda tutuvchi ikki qonunni qabul qildi.
Hujjatlarga muvofiq, bunday shaxslarga nisbatan «vaqtinchalik cheklov choralari» joriy etiladi. Buning uchun bir vaqtning o‘zida 11 ta federal qonunga o‘zgartishlar kiritilmoqda.
«Perviy otdel» huquqni himoya qilish tashkiloti ushbu me’yorlar siyosiy muhojirlar uchun «amalda fuqarolikdan mahrum qilish»ga teng ekanini bildirdi.
Qonunga ko‘ra, cheklovlar jinoyat ishlari bo‘yicha sirtdan hukm qilingan shaxslar, shuningdek, ayrim ma’muriy huquqbuzarliklar uchun javobgarlikka tortilgan fuqarolarga nisbatan ham qo‘llanilishi mumkin. Ular qatoriga «xorijiy agentlar» to‘g‘risidagi qonunni buzish, «nomaqbul tashkilotlar» faoliyatida ishtirok etish, Rossiya Qurolli kuchlari yoki davlat hokimiyatini «obro‘sizlantirish», sanksiyalar joriy etishga yoki mamlakat hududiy yaxlitligini buzishga chaqirish kabi holatlar kiritilgan.
Cheklovlar joriy etilishidan avval fuqarolar maxsus ochiq reestrga kiritiladi. Har bir shaxs bo‘yicha qaror Adliya vazirligi tomonidan FXX, IIV, Sud ijrochilari federal xizmati, Soliq xizmati va Bosh prokuratura takliflari asosida qabul qilinadi. Shuningdek, prezident alohida farmon bilan idoralararo komissiya tuzishi belgilangan.
Reestrga kiritilgan shaxslarga nisbatan keng ko‘lamli cheklovlar qo‘llaniladi. Jumladan, ularning pul mablag‘lari va mol-mulki muzlatilishi, daromadlari maxsus hisobraqamlarga o‘tkazilishi, ko‘chmas mulk va transport vositalarini sotish, ishonchnoma asosida bitimlar tuzish taqiqlanishi mumkin. Shuningdek, ular «Gosuslugi» portali, masofaviy bank xizmatlari, yakka tartibdagi tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tish, byudjet to‘lovlari, kredit va qarzlardan foydalanish huquqidan mahrum etiladi.
Bundan tashqari, Rossiyaning xorijdagi elchixonalari va konsulliklari bunday fuqarolarga xorijga chiqish pasportlarini bermaydi va konsullik xizmatlarining aksariyatini ko‘rsatmaydi. Faqat shaxsning tirik ekanini tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish bundan mustasno. Shuningdek, ular Rossiya fuqaroligidan chiqish uchun ariza ham bera olmaydi.
Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin qabul qilingan qonunga izoh berar ekan, xorijga ketgan fuqarolar «sud oldiga kelib aybini tan olish haqida o‘ylashi kerak»ligini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi choralar mamlakatga zarar yetkazayotgan, «ekstremist», «vatan xoini» deb baholanayotgan, davlatni izdan chiqarishga uringan, nasizmni oqlagan va harbiylarni haqorat qilgan, so‘ngra esa jazodan qochib xorijga ketgan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi.