Rossiya Abu-Dabidagi muzokaralarda Ukraina urushi bilan bir qatorda butun Yevropa uchun yangi xavfsizlik tizimini yaratish masalasini ko‘tardi.
"Agar biz xavfsizlik tizimini yarata olsak, Yevropada o‘nlab, balki yuzlab yillar davomida tinchlikni ta’minlay olamiz; bizning asosiy maqsadimiz shu.
Abu-Dabida biz Yevropa xavfsizligi arxitekturasini muhokama qildik. Maqsad — 1975-yildagi Xelsinki bitimlari ruhiga yo‘g‘rilgan, bugungi kun voqeligiga javob beradigan va, eng muhimi, adolatli bo‘lgan tizimni barpo etishdir", — dedi Medinskiy.
Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Rossiya qanday tizimni taklif qilyapti?
11 noyabr kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligining yuqori lavozimli diplomati Aleksey Drobinin Moskvadagi konferensiyada uchta ehtimoliy variantni bayon qildi:
1. Harbiy ittifoq yoki o‘zaro yordam kelishuvlari. Rossiya buni Belarus va Shimoliy Koreya bilan mavjud kelishuvlarga o‘xshatdi.
2. Bir-birining dushmanlarini qo‘llab-quvvatlamaslik. Ya’ni davlatlar agressiya yuz berganda qarshi tomonning raqibiga yordam bermaslik majburiyatini oladi.
3. Hujum qilmaslik to‘g‘risidagi bitimlar. Rossiya hatto ayrim NATO a’zolari bilan ham alohida hujum qilmaslik kelishuvlarini tuzish mumkinligini aytdi.
Buning ortida qanday maqsad bor?
Moskva uzoq vaqtdan beri NATOning Sharqiy Yevropadagi harbiy faoliyatini cheklash, alyansning kengayishiga to‘siq qo‘yish va Rossiya xavfsizlik manfaatlarini hisobga olishni talab qilib keladi. Shu sababli Yevropa davlatlarida xavotir bor: yangi kelishuv Rossiyaga Yevropa xavfsizligi masalalarida kattaroq ta’sir o‘tkazish imkonini berishi mumkin.
Evropa bu jarayonda ishtirok etyaptimi?
Evropa davlatlari AQSh va Ukraina bilan alohida maslahatlashgan. Ular har qanday kelajakdagi kelishuv davlatlarning suvereniteti, hududiy yaxlitligi va mustaqil qaror qabul qilish huquqini hurmat qilishi kerakligini bildirgan. Biroq Rossiya hozircha Yevropa davlatlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokara o‘tkazishga tayyorligini bildirmagan.
Abu-Dabida Yevropa uchun yangi xavfsizlik tizimi bo‘yicha yakuniy kelishuv imzolangani yo‘q. Hozircha tomonlar pozisiyalarini muhokama qilmoqda. Rossiyaning takliflari esa NATOning Yevropadagi roli va Rossiya bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqish masalasini kun tartibiga olib chiqmoqda.