Shimoliy Koreyaga yetti yildan keyin amalga oshirgan birinchi tashrifi xalqaro maydonda katta qiziqish uyg‘otdi. Xitoy raisi Si Szinpinning Pxenyanga kelgan Si Szinpin va Kim Chen In ikki davlat o‘rtasidagi «engilmas do‘stlik»ni yana bir bor ta’kidladi.
Tahlilchilar fikricha, mazkur tashrifning bir nechta muhim sabablari bor.
Avvalo, Pekin Shimoliy Koreyani o‘zining strategik ta’sir doirasida saqlab qolishni istamoqda. So‘nggi yillarda Pxenyan Rossiya bilan harbiy va siyosiy hamkorlikni sezilarli darajada kuchaytirdi. Ukrainadagi urush fonida Moskva va Pxenyan o‘rtasidagi yaqinlashuv Xitoyni ehtiyotkorlikka undamoqda. Si Szinpin tashrifi orqali Xitoy Kim Chen Inga Pekin hamon uning asosiy hamkori ekanini eslatmoqchi bo‘ldi.
Ikkinchidan, tashrif Kim Chen In rejimi uchun muhim siyosiy qo‘llab-quvvatlash hisoblanadi. Xalqaro sanksiyalar va iqtisodiy qiyinchiliklar sharoitida Xitoy rahbarining Pxenyanga kelishi Shimoliy Koreya rahbariyatining xalqaro maydonda yakkalanib qolmaganini ko‘rsatadi.
Uchinchidan, Xitoy mintaqada AQSh va uning ittifoqchilari faolligining ortishiga qarshi umumiy front shakllantirishga intilayotgan bo‘lishi mumkin. Si Szinpin tashrif oldidan e’lon qilingan maqolasida «gegemoniya», «avtoritar bosim» va «militarizmning qayta tiklanishi»ga qarshi kurashish zarurligini ta’kidladi. Bu bayonotlar Vashington va uning Osiyodagi ittifoqchilariga ishora sifatida baholanmoqda.
Shuningdek, kuzatuvchilar fikricha, tashrif davomida iqtisodiy hamkorlik, chegara savdosi, transport aloqalari va xavfsizlik masalalari muhokama qilinishi mumkin. Biroq Shimoliy Koreyaning yadroviy dasturi bo‘yicha jiddiy o‘zgarishlar kutilmayapti, chunki Pxenyan o‘zining yadroviy maqomidan voz kechish niyatida emas.
Si Szinpinning tashrifi Pekinda AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvlardan ko‘p o‘tmay amalga oshirilgani ham uning geosiyosiy ahamiyatini yanada oshirmoqda. Bu tashrif Xitoyning Sharqiy Osiyodagi ta’sirini mustahkamlash, Shimoliy Koreya bilan ittifoqchilik munosabatlarini namoyon etish va mintaqadagi kuchlar muvozanatiga ta’sir ko‘rsatishga qaratilgan muhim diplomatik qadam sifatida baholanmoqda.