Madridning "Real" klubi rahbariyati braziliyalik Neymar va fransiyalik Kilian Mbappeni futbolchilar Fransiyaning "PSJ" klubida o‘ynagan paytlarida o‘z safiga qo‘shmoqchi bo‘lgan. Bu haqda futbol agenti Andre Karri ma’lum qildi.
Manba aytishicha, bu kelishuvda "qaymoqranglilar" hujumchisi Vinisius Junior ishtirok etishi mumkin edi. U ikki mashhur hujumchining Madrid jamoasiga o‘tishi uchun to‘lovning bir qismi sifatida taklif qilinishi mumkin edi. Biroq, o‘sha paytda bu transfer amalga oshmadi.
Ta’kidlash joizki, Mbappe "Real" safiga o‘tgan yilning yozida qo‘shildi. Vinisius u bilan birga "qirollik klubi"ning hujum juftligini tashkil etmoqda. Neymarga kelsak, braziliyalik hujumchi hozirda vatanida "Santos" jamoasi uchun o‘ynamoqda.