Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim radarlar noqonuniy faoliyat yuritayotgani va haydovchilarning tezlikni oshirib ko‘rsatib, asossiz jarimaga sabab bo‘layotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Shu munosabat bilan Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati respublika bo‘ylab foto va video qayd etish qurilmalari faoliyatini tekshirishni kuchaytirdi.
YHXX matbuot xizmati xma’lum qilishicha, respublikaning barcha hududlarida o‘rnatilgan radarlar va boshqa maxsus texnik vositalar maxsus jihozlangan avtomobillar yordamida ko‘zdan kechirilmoqda.
Ushbu qurilmalarning soz, aniq va barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida ular O‘zbekiston milliy metrologiya instituti mutaxassislari tomonidan muntazam ravishda metrologik tekshiruv va sinovlardan o‘tkaziladi.
Tekshiruv jarayonida radarlarning belgilangan texnik talablarga muvofiqligi, transport vositalarining tezligini qayd etish aniqligi hamda qurilmalarning qonuniy faoliyat yuritayotgani baholanadi.
Aniqlangan kamchiliklar yoki qonunbuzilish holatlari yuzasidan Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati mas’ullarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘radi.
Ta’kidlanishicha, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda nafaqat tartib-intizom, balki qonuniylik, xolislik va fuqarolarga nisbatan adolatli munosabat ham muhim ahamiyatga ega.