Bugun 16 noyabr, 2026 yil, dushanba

КИР

Qozog‘istonga aloqadorligi taxmin qilinayotgan xakerlar Tojikiston milliy xavfsizligiga oid 2000 dan ortiq hujjatni o‘g‘irladi

Qozog‘istonga aloqadorligi taxmin qilinayotgan xakerlar Tojikiston milliy xavfsizligiga oid 2000 dan ortiq hujjatni o‘g‘irladi



Bu haqda Singapurning kiberxavfsizlik bo‘yicha CloudSEK kompaniyasiga tayanib, Reuters xabar bermoqda.

Mutaxassislar xakerlar xatolik tufayli o‘z serverlaridan birini internetda ochiq qoldirganidan so‘ng, kiberhujum izlarini aniqlashdi. Tadqiqotchilar undagi materiallarni o‘rganib chiqib, kiberhujumlar jarayonini tiklashga muvaffaq bo‘lishdi. Ma’lum bo‘lishicha, xakerlar Hermes — mustaqil ravishda harakatlarni rejalashtirish, kerakli dasturlarni ishga tushirish, ma’lumotlarni to‘plash va hisobotlar tuzishga qodir bo‘lgan avtonom sun’iy intellekt (SI) agentlarini yaratish platformasidan foydalanishgan.

CloudSEK ma’lumotlariga ko‘ra, kiberhujumlar uchun Hermes dan foydalanish taxminan 2026 yil avgust oyining o‘rtalarida boshlangan. Bir necha haftadan so‘ng xakerlar Tojikistonning davlat elektron hujjatlar aylanish tizimiga buzib kirishgan. SI-agenti hujjatlarni yuklab olish, ularni tizimlashtirish va kichik qismlarga ajratish uchun maxsus dastur yaratgan, bu esa o‘g‘irlangan ma’lumotlarni uzatishni osonlashtirgan. Natijada jinoyatchilar 2000 dan ortiq, jumladan, mudofaa va milliy xavfsizlik masalalariga oid hujjatlarni qo‘lga kiritishgan.

Tekshiruv davomida, shuningdek, Tojikiston Temir yo‘llari kompyuter infratuzilmasiga va O‘zbekiston O‘rmon xo‘jaligida qo‘llaniladigan
Smart Forestry raqamli platformasiga kirib borish izlari ham aniqlangan. Bundan tashqari, serverda Turkmaniston davlat tashkilotlariga qarshi fishing hujumlari uyushtirish uchun tayyorlangan materiallar topilgan. Ammo mutaxassislar bu hujumlar muvaffaqiyatli amalga oshirilganini tasdiqlovchi dalillarni keltirishmagan.

Mutaxassislar mazkur hujumlar avvalroq postsovet davlatlari idoralariga qarshi kiberjosuslik amaliyotlarida ko‘zga tashlangan Silent Lynx guruhiga aloqador deb hisoblashmoqda. Guruhning Qozog‘istonga aloqadorligi haqidagi taxminlar bilvosita belgilarga asoslangan: xakerlar rus tilidan foydalangan, ularning faollik davri Qozog‘istondagi ish soatlariga to‘g‘ri kelgan, shuningdek, serverga ulanishda ushbu mamlakat internet tarmog‘idan ham foydalanilgan. Biroq tadqiqotchilar bu guruhga aynan kim rahbarlik qilishini aniqlay olishmagan va hujumlarga Qozog‘iston davlat tuzilmalarining aloqadorligi haqida dalil keltirmagan.

Kiritildi: 23:22 11.11.2026. O'qildi: 656 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik