Bugun 7 oktyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

Qozog‘istonda harbiylarning mashg‘ulotlarda halok bo‘lgani ortidan 13 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Qozog‘istonda harbiylarning mashg‘ulotlarda halok bo‘lgani ortidan 13 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Qozog‘iston Mudofaa vazirligidagi ahvolni har tomonlama kompleks tekshirish bo‘yicha tuzilgan komissiya 14 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgan Kaspiy dengizidagi mashg‘ulotlarni rejalashtirishda qoidabuzarliklar bo‘lganini aniqladi. Bu haqda Akorda Qasim-Jomart Toqayevning komissiya a’zolari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishi yakunlariga tayanib ma’lum qildi.

«Tergovning dastlabki natijalari harbiy tadbirlarni rejalashtirishda jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yilganini hamda avvalgi rahbariyat tomonidan lozim darajada nazorat olib borilmaganini ko‘rsatmoqda», — deyiladi xabarda.

Tekshiruvning birinchi bosqichi yakunlari bo‘yicha Mudofaa vazirligining tashkilot va bo‘linmalari faoliyatida davlat mulkini ehtimoliy talon-toroj qilish, mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish va boshqa turdagi qonunbuzarliklar yuzasidan 13 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Qo‘mondonlik tarkibining jinoiy sovuqqonligi faktlari bo‘yicha sudgacha bo‘lgan tergov harakatlari davom etmoqda, besh nafar mansabdor shaxs hibsga olingan. Toqayev barcha aybdorlarni javobgarlikka tortishni talab qildi va bu masalani o‘z shaxsiy nazoratiga oldi.

Shuningdek, Qozog‘iston Oliy auditorlik palatasi Mudofaa vazirligiga qarashli 50 ta ob’ektda, jumladan, 48 ta harbiy qismda tekshiruv olib bormoqda. Audit doirasida Qurolli kuchlar faoliyatining barcha asosiy yo‘nalishlaridagi mavjud holat baholanadi, deya ta’kidlanadi xabarda.

24 sentyabr kuni Mang‘istau viloyatida Qozog‘iston Harbiy-dengiz kuchlarining o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilayotgan vaqtda ob-havoning keskin yomonlashuvi va shamol kuchayishi sababli 17 nafar harbiy xizmatchini Kaspiy dengiziga oqizib ketgandi. Ulardan 14 nafari halok bo‘lgan.

Oradan bir necha kun o‘tib, Toqayev ushbu hodisani harbiy rahbariyatning «jinoiy noprofessionalligi» oqibati deb baholab, mudofaa vaziri Dauren Kosanovni lavozimidan ozod etdi.

Kiritildi: 02:00 06.10.2026. O'qildi: 742 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!