Bugun 26 iyul, 2026 yil, yakshanba

КИР

“Qorabog‘ni tiklashda birinchi amaliy yordam O‘zbekistondan kelgan” — Ilhom Aliyev

“Qorabog‘ni tiklashda birinchi amaliy yordam O‘zbekistondan kelgan” — Ilhom Aliyev


Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev IV Shusha global media forumi doirasida OAV vakillari bilan muloqot qildi. Suhbat chog‘ida u O‘zbekiston bilan munosabatlar qardoshlik va do‘stlikka asoslanganini, Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan shaxsiy do‘stligi esa bu aloqalarni yanada yuqori bosqichga olib chiqqanini ta’kidladi. Shuningdek, Qorabog‘ni tiklash jarayonida birinchi yordam qo‘lini aynan Prezident Shavkat Mirziyoyev cho‘zganini qayd etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston tomonidan Fuzuliy shahrida Mirzo Ulug‘bek nomidagi yirik va zamonaviy maktab barpo etilgan bo‘lib, uning ochilish marosimi ikki davlat rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan. Aliyevning ta’kidlashicha, keyinchalik Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmaniston ham Qorabog‘ni tiklashga o‘z hissasini qo‘shgan, biroq birinchi amaliy yordam aynan O‘zbekistondan kelgan.

Ozarbayjon yetakchisining aytishicha, O‘zbekistonning qardoshlik missiyasi maktab qurilishi bilan cheklanmagan. Xonkendi shahridagi birinchi yirik sanoat korxonasi — tikuvchilik fabrikasi ham O‘zbekiston sarmoyasi hisobidan barpo etilgan bo‘lib, Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev ushbu korxonaga ham birgalikda tashrif buyurgan.

Ilhom Aliyev bugungi kunda ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy va sanoat hamkorligi jadal rivojlanayotganini qayd etdi. Xususan, qiymati 500 million dollar bo‘lgan O‘zbekiston–Ozarbayjon qo‘shma investisiya jamg‘armasi har ikki mamlakatda turli loyihalarni amalga oshirmoqda.

Bundan tashqari, Ozarbayjonning SOCAR kompaniyasi O‘zbekistondagi muhim gaz koniga sarmoya kiritganini aytib, “Qustuq” konidagi qidiruv-qazish ishlari ijobiy natija bilan yakunlanishiga umid bildirdi.

Ozarbayjon Prezidenti Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikning yangi bosqichga chiqishida ham Prezident Shavkat Mirziyoyevning alohida o‘rni borligini ta’kidladi. Bugungi kunda Ozarbayjon Markaziy Osiyo davlatlari bilan yagona maslahat formatida ishtirok etmoqda. Bu esa transport va logistika yo‘laklari, savdo-iqtisodiy hamda geosiyosiy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

“Prezident Shavkat Mirziyoyevning uzoqni ko‘ra bilishi va strategik qarashlari bu jarayonda g‘oyat muhim rol o‘ynadi”, — dedi Ilhom Aliyev.



So‘zi yakunida Ozarbayjon Prezidenti o‘zbek xalqini erishilayotgan yutuqlar bilan tabriklab, O‘zbekistonga har safar tashrif buyurganida mamlakatdagi keng ko‘lamli yangilanishlar va islohotlar natijalarini ko‘rib quvonishini ta’kidladi.

“Bilamanki, qardosh o‘zbek xalqi va davlati Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida muvaffaqiyatli va ishonch bilan olg‘a bormoqda”, — deya ta’kidladi Ozarbayjon Prezidenti.

Kiritildi: 22:46 13.07.2026. O'qildi: 1476 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!