Bugun 23 oktyabr, 2026 yil, juma

КИР

Qirg‘izistonda VI Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari doirasida Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi tomonidan panel sessiyasi tashkil etildi

Qirg‘izistonda VI Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari doirasida Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi tomonidan panel sessiyasi tashkil etildi

2026 yil 31 avgustdan 6 sentyabrga qadar Qirg‘iz Respublikasida VI Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari doirasida «Ko‘chmanchi sivilizasiyalar: meros, paradigmalar va istiqbollar» mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Konferensiya doirasida Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi tashabbusi bilan «Turkiy dunyo madaniy merosi – birlik va barqaror taraqqiyot omili» mavzusida xalqaro panel sessiyasi tashkil etildi.

Panel sessiyasida turli mamlakatlardan olimlar, tadqiqotchilar va madaniy meros mutaxassislari ishtirok etdi. Unda turkiy xalqlarning umumiy madaniy merosini asrab-avaylash, o‘rganish va kelajak avlodlarga yetkazish, shuningdek, madaniy merosning Turkiy dunyo birligini mustahkamlash va barqaror taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlashdagi roli yuzasidan keng muhokamalar o‘tkazildi.

Panel sessiyasining ochilish marosimida Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi vakili Leyla Hasanova Jamg‘arma Prezidenti, professor Aktoti Raymqulovaning nomidan nutq so‘zladi. Ochilish nutqida Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari nafaqat sport musobaqasi, balki turkiy xalqlarning umumiy tarixi, o‘ziga xosligi va qadriyatlarini asrab-avaylashga xizmat qiluvchi, olimlar, san’atkorlar, sportchilar va madaniyat vakillarini birlashtiruvchi muhim xalqaro maydon ekanligi ta’kidlandi.

Ta’kidlanganidek, boy ko‘chmanchi merosni asrab-avaylash faqat uni namoyish etish bilan cheklanib qolmasligi, balki ilmiy tadqiqotlar olib borish, an’anaviy bilimlarni saqlash va madaniy merosni kelajak avlodlarga yetkazish sohalarida uzluksiz hamkorlik bilan uyg‘unlashishi lozim. Shu nuqtai nazardan, Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari Turkiy dunyoda madaniy hamkorlikni chuqurlashtirish uchun muhim imkoniyat yaratishi qayd etildi.

Jamg‘armaning yana bir vakili, panel sessiyasining hammoderatori sifatida ishtirok etgan Nuri Aksun tashkilot faoliyati va uning keng ko‘lamli loyihalari haqida taqdimot qildi.

Panel sessiyasi davomida Jamg‘armaning muhim loyihalaridan biri – «Turkiy dunyoning madaniy kodi» – Turkiy dunyo madaniy merosi katalogi ham taqdim etildi. Qayd etilganidek, Katalog turkiy xalqlarning moddiy va nomoddiy madaniy merosi boyligi va xilma-xilligini, shuningdek, ularni asrlar davomida birlashtirib kelgan umumiy ma’naviy qadriyatlarni qamrab oladi. Mazkur loyiha, shuningdek, Umumiy turkiy meros ro‘yxatini yaratish yo‘lidagi muhim ilk qadam sifatida baholandi.

Panel sessiyasining e’tiborga molik jihatlaridan biri «Turkiy dunyoning madaniy kodi» katalogini tayyorlashga hissa qo‘shgan mutaxassislarni Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi tomonidan taqdirlash marosimi bo‘ldi. Qirg‘iz Respublikasining YUNESKO bo‘yicha Milliy komissiyasi Bosh kotibi Sabira Soltongeldiyeva, Komissiya maslahatchisi va Markaziy Osiyo universitetining Madaniy meros va gumanitar fanlar bo‘limi direktori o‘rinbosari Aybek Samakov, shuningdek, «Aygine» madaniy tadqiqotlar markazi vakili Cholponay Usubaliyeva-Grishuk loyihaga qo‘shgan qimmatli hissalari uchun Jamg‘arma tomonidan taqdirlandilar.

Panel muhokamalari davomida umumiy turkiy madaniy merosning mintaqaviy hamkorlik va madaniy barqarorlikni mustahkamlashdagi roliga alohida urg‘u berildi. Shuningdek, uni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazish maqsadida ilmiy hamda institusional hamkorlikni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Konferensiyaning ochilish marosimi doirasida Qirg‘iz Respublikasi Davlat kotibi Arslan Koychiyev Qurmanjan Datka nomidagi Ko‘chmanchi sivilizasiyalar muzeyiga tashrif buyurdi. U muzeyda Mahmud Koshg‘ariyning «Devonu lug‘otit turk» asariga bag‘ishlangan, Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi ko‘magi, shuningdek, Turkiya Hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) hamda Turkiy dunyo jamg‘armasining moliyaviy ko‘magi asosida tashkil etilgan ko‘rgazma zali bilan tanishdi. Mazkur ko‘rgazma zali hozircha rasman ochilmagan.

Ko‘rgazma zalini tashkil etish ishlari Qirg‘iz Respublikasining Birinchi xonimi Oygul Japarovaning tashabbusi va rahbarligi ostida amalga oshirildi.

Qayd etish joizki, Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi Qirg‘izistonning boy tarixiy va madaniy merosini asrab-avaylashga qaratilgan qator muhim loyihalarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Jumladan, Jamg‘arma tashabbusi va ko‘magi bilan qirg‘iz xalqining taniqli shoiri Aliqul Osmonovning uy-muzeyi qayta tiklandi. Shuningdek, Qorasuv qiziltepa hududida joylashgan, Qoraxoniylar davriga oid qadimiy shahar xarobalarini saqlash va qayta tiklash ishlariga ham hissa qo‘shildi.

Bundan tashqari, Jamg‘arma Qirg‘izistonda umumiy turkiy merosni tadqiq etish, nashr qilish, targ‘ib etish va uni yosh avlodga yetkazishga qaratilgan qator boshqa loyihalarni ham amalga oshirdi.

Kiritildi: 19:15 08.09.2026. O'qildi: 1444 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!