Qirg‘iziston Davlat soliq xizmati raisi Almambet Shikmamatov mamlakatda TikTok ijtimoiy tarmog‘iga qo‘yilgan cheklovni bekor qilish tarafdori ekanini bildirdi. Bu haqda u bugun, 17 iyun kuni jurnalistlar va blogerlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qildi.
Shikmamatovning aytishicha, TikTok’ni bloklash orqali ko‘zlangan maqsadga erishilmayapti. Chunki foydalanuvchilar VPN xizmatlari yordamida platformadan foydalanishda davom etmoqda.
“Odamlar baribir TikTok’ni VPN orqali tomosha qilyapti. Bundan qochib qutulib bo‘lmaydi. Agar bu masala bo‘yicha ovoz berish o‘tkazilsa, men TikTok’ni ochish tarafdori bo‘lardim”, dedi u.
Davlat soliq xizmati rahbari raqamli platformalar bugungi kunda iqtisodiyotning muhim qismiga aylanganini, ayniqsa, yoshlar davlat ko‘magisiz kontent yaratib, daromad topayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, u Qirg‘izistonda YouTube monetizasiyasini to‘liq yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ham muhokama qilinayotganini ma’lum qildi.
Shikmamatov Google kompaniyasi bilan hamkorlikni kuchaytirish va Qirg‘izistonni xalqaro maydonda faol targ‘ib qilish orqali mamlakat foydalanuvchilari uchun YouTube monetizasiyasini ishga tushirish mumkinligini qayd etdi.