Respublika prezidenti Sadir Japarov “Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti va Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi deputatlari saylovi to‘g‘risida”gi Qirg‘iziston Respublikasi konstitusiyaviy qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi konstitusiyaviy qonunni imzoladi. Bu haqda “AKIpress” xabar berdi.
Mazkur qonunga ko‘ra, mamlakatda navbatdagi prezidentlik saylovi uning vakolat muddati tugaydigan yilning yanvar oyidagi to‘rtinchi chorshanba kuni o‘tkaziladi. Shu tariqa navbatdagi prezidentlik saylovi 2027 yil 27 yanvar, chorshanba kuni bo‘lib o‘tadi.
Jogorku Kenesh (parlament) deputatligiga navbatdagi saylovlar amaldagi Jogorku Kenesh chaqirig‘ining konstitusiyaviy muddati tugaydigan oyning chorshanba kunida o‘tkaziladi.
Qirg‘izistonda oxirgi prezidentlik saylovi 2020 yil oktyabr oyidagi parlament saylovlaridan so‘ng yuzaga kelgan siyosiy inqiroz va sobiq prezident Sooronbay Jeenbekovning iste’fosi ortidan 2021 yil 10 yanvarda muddatidan ilgari o‘tkazilgan edi. Ushbu saylovda saylovchilarning 39,7 foizi ishtirok etgan va unda Sadir Japarov 79,2 foiz ovoz to‘plab, g‘alabani qo‘lga kiritgandi.