Eron AzTV telekanalini "dushman OAV" ro‘yxatiga kiritganidan so‘ng, Ozarbayjon Sahar TV telekanali va Mehr axborot agentligi faoliyatini noqonuniy deb e’lon qildi.
Eron Razvedka vazirligi davlatga qarashli AzTV telekanalini "dushman OAV" ro‘yxatiga kiritganidan so‘ng, Ozarbayjon o‘z hududida Eronning Sahar TV telekanali hamda Mehr axborot agentligi faoliyatini noqonuniy deb topdi.
Ozarbayjonning Media rivojlantirish agentligi (MEDİA) bayonotiga ko‘ra, Tehronning ushbu qarori, shuningdek, bunday OAV bilan hamkorlik qilgan shaxslarga nisbatan jinoiy javobgarlik qo‘llash tahdidi jurnalistika sohasidagi xalqaro hamkorlik tamoyillariga zid bo‘lib, tushunarsiz hisoblanadi.
Agentlik eslatishicha, Ozarbayjon qonunchiligiga muvofiq, agar xorijiy davlat Ozarbayjon OAV vakillariga nisbatan shunday cheklovlar joriy etsa, mamlakat ham xorijiy jurnalistlarga nisbatan o‘zaro (ko‘zgu) tamoyili asosida cheklovlar qo‘llashi mumkin.
Shu munosabat bilan Boku Sahar TV, Mehr axborot agentligi va ularning vakillarining Ozarbayjon hududidagi faoliyatini noqonuniy deb e’lon qildi. Ularga mamlakat suvereniteti, hududiy yaxlitligi, konstitusiyaviy tuzumi va milliy xavfsizligiga qarshi targ‘ibot olib borayotganlik aybi qo‘yildi.
Bundan tashqari, Media rivojlantirish agentligi Ozarbayjonning barcha OAVlari va jurnalistlarini mazkur Eron ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni to‘xtatishga chaqirdi. Agentlik ta’kidlashicha, xalqaro media hamkorligi faqat o‘zaro hurmat va jurnalistlarning kasbiy mustaqilligi tamoyillari asosida olib borilishi lozim.