O‘zbekistonliklar Dubay xalqaro aeroportidagi biznes va birinchi toifa yo‘lovchilari uchun mo‘ljallangan maxsus kutish zallarida ishlashga taklif etilmoqda. Bu haqda Migrasiya agentligi xabar berdi.
Bo‘sh ish o‘rinlari 80 ta bo‘lib, nomzodlar 20-30 yosh oralig‘ida bo‘lishi, ingliz tilini B2 darajada bilishi (IELTS, TOEFL yoki boshqa xalqaro til sertifikatlariga ega nomzodlarga ustunlik beriladi) lozim. Shuningdek, mehmonxona va restoran xizmati yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislikka, ovqat va ichimliklar xizmati sohasida kamida 1 yillik ish tajribasiga, spirtli, spirsiz, issiq va sovuq ichimliklar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi talab etiladi.
Ular bilan ikki yilga mehnat shartnomasi tuziladi. Ish vaqti kuniga 8 soat bo‘lib, maosh 8 226 dirham (2250 dollar)ni tashkil etadi.
Ish beruvchi tomonidan ishchi viza, O‘zbekiston—BAA aviachiptasi, aeroportdan ish joyigacha transfer, ish ruxsatnomasini rasmiylashtirish, tibbiy sug‘urta, turar joy, ovqatlanish, ish joyiga transport xarajatlari qoplanadi. Daromad solig‘i ushlab qolinmaydi.
Nomzodlar arizalarni 13 avgustga qadar quyidagi havola orqali qoldirishlari mumkin. Taqdim etilgan hujjatlar 3-7 kun davomida ish beruvchi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Talablarga mos kelgan nomzodlar keyingi bosqich — onlayn suhbatda ishtirok etish (20—25 avgust) uchun taklif etiladi.