Qirg‘izistonning Botken viloyatida joylashgan “Qadamjoy-avtoyo‘l” va “Chashma-avtoyo‘l” chegara o‘tkazish punktlarida o‘tkazilgan maxsus amaliyot davomida korrupsiyaga aloqadorlikda gumon qilingan 27 nafar shaxs ushlandi.
Mahalliy ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, 5 iyul kuni kechqurun Qirg‘iziston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasining (DMXQ) Botken viloyati boshqarmasi xodimlari hamda “Alfa” maxsus bo‘linmasi chegara xizmati, bojxona va veterinariya xizmati xodimlarini qo‘lga olgan.
Manbalarning bildirishicha, operasiya vaqtida “Qadamjoy-avtoyo‘l” o‘tkazish punktida navbatchilik qilayotgan harbiy to‘rt marta o‘q uzgan. Shuningdek, yana bir harbiy xizmatchi havoga ogohlantiruvchi o‘q uzgani aytilmoqda. Hozirda qurol ishlatish holati va uning qonuniyligi o‘rganilmoqda.
Tintuvlar davomida chegara xizmati xodimlaridan 38,5 ming qirg‘iz somi, 5 million 484 ming o‘zbek so‘mi, shuningdek, xizmat avtomobilidan yana 200 ming o‘zbek so‘mi topilgan. Bojxona xodimlaridan esa 100 ming som va AQSh dollaridagi naqd mablag‘lar musodara qilingan. Ularning aniq miqdoriga oydinlik kiritilmoqda. Bundan tashqari, ikki dona AK-74 avtomati, ikki o‘qdon va 60 dona o‘q-dori musodara qilingan.
Tergov harakatlari vaqtida ikki o‘tkazish punkti faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan. Bu esa chegarada taxminan 3 ming nafar yo‘lovchi va 400 ta avtomobil to‘planishiga sabab bo‘lgan. Keyinchalik “Qadamjoy-avtoyo‘l” o‘tkazish punkti orqali harakat qayta tiklangan.