Er munosabatlariga oid noqonuniy holatlar fosh etildi
1️⃣ Ohangaron tumandagi unitar korxona yuristi, muqaddam sudlangan shaxs xaridorga Nurafshon shahrida parrandachilik bilan shug‘ullanuvchi xususiy korxonaga ajratilgan 90 sotix bo‘sh yer maydonini 250 ming AQSh dollariga sotishini aytadi.
Shu bilan birga, kadastr idoralaridagi tanishlari orqali mazkur ushbu yer maydonida kottejlar qurilishiga ruxsat olib berishini ham va’da qilib, o‘z “xizmati” uchun 30 ming AQSh dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u avans sifatida 40 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
2️⃣ Qashqadaryo viloyatida kuzatilgan holatda esa, tuman gaz ta’minoti bo‘limi xodimi o‘zining mansabdor tanishlari orqali Ko‘kdala tumanidagi davlat zaxirasida bo‘lgan 1 gektar yer maydonini xaridorga 500 mln. so‘mga sotishga kelishib, oldindan 20 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
3️⃣ Boshqa bir qayd etilgan holatda, muqaddam sudlangan, hozirda maklerlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxs Buxoro shahrida yashovchi fuqarodan uning foydalanuvida bo‘lgan umumiy maydoni 1 250 kvadrat metr ko‘chmas mulk ob’ekti toifasini o‘zgartirib, tegishli kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish evaziga, 14 ming AQSh dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu shaxs so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ushlandi.
⚖️ Hozirda barcha holatlar yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, mazkur jinoyat ishlariga aloqador bo‘lgan boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha ham surishtiruv jarayonlari amalga oshirilmoqda.