Nasl-nasab hollari, nafaqa, meros va boshqa er-xotinlik hayotiga taalluqli bo‘lgan rohat-farog‘at, o‘zaro hamjihatlik bilan turmush qurishning muhim va jiddiy ishlaridan hisoblanadi. Shuning uchun, nikohdan oldin Xitba sovchilik qilish zarurdirki, nikoh bog‘lashdan oldin er ayoli haqida va ayol eri haqida tanish-bilishlar qo‘ni-qo‘shnilar orqali ma’lumotga ega bo‘lishi kerak. Chunki nikoh aniq ma’lumotlar asosida bo‘lsa, nikoh aqdi doimiy, juftlar orasidagi hayot esa go‘zal bo‘ladi.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Men, uylandim, dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: Qandoqqa uylanding? dedilar. Erdan chiqqanga , dedim. Qiz olib, u bilan ko‘ngil yozsang bo‘lmasmidi? dedilar. Ey Allohning rasuli, Abdulloh vafot etib, ortidan yetti (yoki to‘qqiz) qizni tashlab ketdi. O‘shalarga qarab turadigan kishini keltirdim , dedim. Shunda U Zot mening haqimga duo qildilar (Beshovlari rivoyat qilishgan).
Sharh: Rivoyatda zikr qilingan Abdulloh roziyallohu anhu Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhuning otalaridir. U kishi Uhud jangida shahid bo‘lganlar.
Yetti yoki to‘qqiz qiz deyilgani roviydan bo‘lgan shak tufaylidir.
Ushbu hadisdan qizga uylanish afzal ekanligi olingan.
Jobir roziyallohu anhu singillarini o‘ylab, shunday ayolga uylangan ekanlar. Yosh qiz olsalar, yetti yoki to‘qqizta qayinsingilga qarab, ularni boshqarish qiyin bo‘lganidan shundoq qilganlar. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam u kishining haqlariga duo qilganlar. Umuman, yangi uylangan kishilar haqiga duo qilish marg‘ubdir.
Oisha roziyallohu anho: Ey Allohning rasuli, ayting-chi, agar bir vodiyga tushsangiz, unda bir (bargi) yeyilgan daraxt, bir (bargi) yeyilmagan daraxt bo‘lsa, tuyangizni qaysi birida boqar edingiz? dedi. Yeyilmaganida , dedilar U Zot.
Ya’ni, (Oisha) Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zidan boshqa qiz olmaganlariga ishora qilmoqda (Imom Buxoriy rivoyati).
Sharh: Qiz bilan juvon orasidagi farqni vasf qilish borasida turli xalqlarda turli o‘xshatishlar ishlatiladi.
Ushbu rivoyatda Oisha onamiz qiz bolani bargiga hech narsa tegmagan daraxtga, juvonni esa, bargidan biror hayvon yeb ketgan daraxtga o‘xshatmoqdalar. Shu bilan birga, u kishi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan juvonga uylanganidan ko‘ra qizga uylangan afzal ekanligi haqida tasdiq ham olmoqdalar.
Oisha onamiz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutahharalari ichida u kishiga qiz holida tekkan yagona ayol ekanliklari bilan faxrlanib yurar edilar.
Ma’qal ibn Yasor roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Bir kishi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: Ey Allohning rasuli, bir jamolli va hasabli ayol topdim. Ammo tug‘mas ekan. Unga uylanaveraymi? dedi. Yo‘q , dedilar. Keyin U Zotga ikkinchi marta keldi. Yana qaytardilar. So‘ngra uchinchi marta kelganida: Eriga muhabbat qiladigan va ko‘p tug‘adigan ayolga uylaninglar. Men boshqa ummatlarga sizlarning ko‘pligingizni ko‘z-ko‘z qiluvchiman , dedilar (Imom Abu Dovud, Imom Nasaiy va Imom Hokim rivoyati).
Sharh: Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Uylanishdan oldin ahli fazl, ilmli kishilardan maslahat so‘rash yaxshiligi.
2. Tug‘mas ayolga, agar u go‘zal va aslzoda bo‘lsa ham uylanmagan ma’qul ekani.
3. Eriga muhabbat qiladigan va ko‘p tug‘adigan ayolga uylanish kerakligi.
Bu sifatlar unga yaqin ayollarning holini o‘rganish bilan bilinadi. Unga yaqin, qarindosh ayollar odatda eriga muhabbat qiladigan, ko‘p tug‘adigan bo‘lsalar, ko‘pincha ularning urug‘ida bo‘lgan yoshlar ham o‘sha sifatlarga ega bo‘ladi.
Ey Allohning rasuli, ayollarning qandog‘i eng yaxshisidir , deyildi.
Qachon nazar solsa, surur bag‘ishlaydigani. Qachon amr qilsa, itoat qiladigani va eriga o‘z jonida va molida u yoqtirmaydigan narsa ila xilof qilmaydigani , dedilar (Sunan egalari rivoyat qilishgan).
Sharh: Ushbu hadisi sharifda er uchun eng yaxshi xotinning ba’zi sifatlari haqida so‘z ketmoqda:
1. Qachon nazar solsa, surur bag‘ishlaydigani .
Demak, er nazar solsa xursand qiladigan ayol eng yaxshi ayollarda bo‘ladigan sifatlarga ega bo‘ladi.
Bu ayolning tashqi qiyofasi, kiyinishi, o‘zini tutishi va axloq-odobi kabi narsalarni o‘z ichiga oladi. Eng yaxshi ayol bo‘lish umididagi qizlarimiz, ayollarimiz ushbu narsaga alohida e’tibor berishlari kerak. Kuyov va erlari ko‘ziga doimo xursand qiladigan ravishda ko‘rinishga harakat qilishlari lozim.
2. Qachon amr qilsa, itoat qiladigani .
Erga itoatkor bo‘lish ayollarning eng go‘zal, eng yaxshi sifatlaridan biridir.
Albatta, shar’iy ruxsat berilgan ishlar doirasida itoatkorlik haqida so‘z ketmoqda. Gunoh ishlarda itoat qilish mumkin emas.
Chunki Xoliqqa ma’siyat ishlarida maxluqqa itoat qilinmaydi.
Er oila boshlig‘i bo‘lganidan keyin oila a’zolari, jumladan, ayol unga itoat qilishi kerak.
Eriga itoatkor ayol eng yaxshi sifatlardan biriga ega bo‘lgan ayoldir.
Eriga itoat qilmaydigan ayolni yaxshi ayollar qatoriga mutlaqo qo‘shib bo‘lmaydi.
3. Eriga o‘z jonida va molida u yoqtirmaydigan narsa ila xilof qilmaydigani .
Boshqacha qilib aytganda, eng yaxshi ayol sifatiga sohiba bo‘lmoqchi ayol eriga yoqmaydigan ishlarni qilmasligi kerak. Chunki shu tufayli oilada urush-janjal chiqishi, o‘zining halovati yo‘qolishi, hatto oila buzilib ketishi ham mumkin. Yana ayol kishi o‘z molini eri yomon ko‘radigan narsalarga sarflamasligi kerak. Ana shunda eng yaxshi ayolning yana bir sifatiga ega bo‘ladi.
Ushbu hadisda zikr qilingan uch sifatni o‘zida mujassam qilgan ayol eng yaxshi ayollardan bo‘lishiga shubha yo‘q. Mo‘mina-muslima ayol-qizlarimiz, ushbu hadisi nabaviyda zikr etilgan oliymaqom sifatlarni o‘zlarida mujassam qilishga harakat etmoqlari lozim. Shu bilan birga, jajji qizchalarimizni yoshliklaridan ana shunday go‘zal sifat sohibalari etib tarbiya qilmog‘imiz zarur.
Ikki Shayx va Imom Termiziy rivoyatida: O‘zimdan keyin erkaklarga ayollardan ko‘ra zararliroq fitnani qoldirmadim , deyilgan.
Sharh: Ayol kishi iymon-e’tiqodli, dindor, soliha, odob-axloqli bo‘lmasa balo-ofat ekanligi haqidagi fikrga hatto ayollarning o‘zlari ham qo‘shiladi. Erkaklar boshiga ko‘pgina balolar noma’qul ayollar sababidan kelishini esa tajriba ko‘rsatib turibdi, bunga tarix shohid.
Shuning uchun ham kelin tanlashda juda ehtiyot bo‘lib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalariga amal qilish ma’qul. Boshqa ko‘rsatmalarga amal qilaman deb, erkaklar uchun dunyodagi eng zararli fitnaga uchrab qolmaslik kerak.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: Ayolim qo‘l uzatuvchining qo‘lini man qilmaydi , dedi. Uni o‘zingdan g‘arib qil , dedilar. Nafsim unga ergashishidan xavf qilaman , dedi. Undan foydalanib yur , dedilar U Zot (Abu Dovud va imom Nasaiy rivoyati).
Sharh: Ushbu hadisdagi ayolim qo‘l uzatuvchining qo‘lini man qilmaydi , degan jumlani erkaklardan o‘zini olib qochmaydi yoki mol-mulkni haddan tashqari isrof qiladi, deb ikki xil ta’vil qilingan.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam undoq xotinni taloq qilib yuborishga maslahat berganlar. Lekin er xotinini taloq qilsa, undan ko‘ngil uza olmay, o‘zi qiynalishini bayon qilgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam undoq bo‘lsa, undan foydalanib yuraver, deganlar.
Shundan qo‘lni man qilmaslik molu mulkni isrof qilish ma’nosida ekanligi kelib chiqadi. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam erkak kishining qo‘lini qaytarmaydigan ayol bilan birga yashayverishni maslahat berishlari mumkin emas.
Munosib kelin haqida kelgan hadisi shariflarni o‘rganganimizdan keyin xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Islom dini uylanishdan oldin umr yo‘ldoshini tanlashga alohida e’tibor berishga chaqirgani ravshanlashadi. Chunki shu yo‘l bilangina oilaning poydevori mustahkamlanadi. Shu yo‘l bilan oila qurishdan ko‘zlangan soflik, unsu ulfat, baxt-saodat va xotirjamlikka erishilish eshigi ochiladi. Umr yo‘ldoshini tanlashda esa, uning sifatlari ichida dindorlik, ahli solihlik, odob-axloq va mustaqimlikka birinchi o‘rinda e’tibor berilishi kerak.
Chunki nikoh va oila qurish umr savdosi. Bir umrga kerak narsa. Dindorlik umr o‘tishi bilan quvvatlanib boradi. Odob-axloq, ahli solihlik ham umr o‘tishi bilan sayqallashib, ziyodalashaveradi.
O‘z sohibiga doimo yo‘ldosh va doimiy yaxshilik keltiruvchi bu sifatlarga ega bo‘lgan umr yo‘ldoshini tanlash oila qurishdagi eng muhim omillardan biri hisoblanadi. Boshqa sifatlar esa vaqtinchalik va kibru havo hamda g‘ururga sabab bo‘lishi mumkin sifatlardir.
Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining Imom Ibn Moja, Bazzor va Bayhaqiylar rivoyat qilgan hadislarida: Ayollarni husnlari uchun nikohingizga olmang, ehtimol u (husn) ularni halok qilar. Va ularni moli uchun ham nikohingizga olmang, ehtimol u (mol) ularni tug‘yonga ketkazar. Ularni din uchun nikohingizga oling. Albatta, qora, xunuk dindor cho‘ri afzaldir , deganlar.
Musulmon kishi o‘ziga yaxshi umr yo‘ldoshi tanlar ekan, oilasining mustahkam bo‘lishi, oila a’zolarining baxtiyor bo‘lishi bilan birga, bo‘lajak farzandlarini munosib musulmonlar qilib o‘stirishni ham ko‘zda tutishi kerak.
Ulamolarimiz barcha hujjat va dalillarni o‘rganib chiqib hamda boshqa omillarni hisobga olib, munosib kelin tanlashda quyidagi narsalarga e’tibor berish kerakligini ta’kidlaganlar:
1. Dindorlik.
2. Serfarzandlik.
Bu sifat qarindosh-urug‘ ayollarga qarab bilinadi.
3. Avval turmush qurmagan bo‘lishi.
4. Dindor va qanoatli oiladan bo‘lishi.
5. Nasabi yaxshi bo‘lishi.
6. Husnli bo‘lishi.
Erning ko‘ngli to‘q bo‘ladi. Muhabbat qo‘yadi. Boshqalarga qaramaydi.
7. Qarindoshlardan bo‘lmasligi.
Qarindoshga uylansa, bolalari zaifhol bo‘lish ehtimoli kuchli. Yana, Alloh ko‘rsatmasin, kelishmovchilik bo‘lib qolsa, qarindoshlik aloqalariga zarar yetishi ham mumkin. Begonadan bo‘lsa, bolalar zaifhol bo‘lmaydi. Kuyov-kelinning bahonasi bilan ularning qarindosh-urug‘lari ham quda-anda bo‘lib, ijtimoiy aloqalar rivojlanadi.
Manba: azon.uz