Davlatimiz rahbarining tegishli topshirig‘i ijrosini bajarish maqsadida, Vazirlar Mahkamasining “Qabristonlarni obodonlashtirish ishlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori (267-son, 21.05.2026 yil) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, respublikada mavjud 10 mingdan ziyod qabristonlarni obodonlashtirish maqsadida 2027–2029 yillarga mo‘ljallangan dastur tasdiqlanib, jami 1,6 trln so‘m mablag‘ yo‘naltirish belgilandi.
Bunda dasturni moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilandi:
➖ qabristonlarning himoya devorlarini qurish va kirish darvozalarini o‘rnatish hamda ta’mirlash — mahalliy byudjet mablag‘lari;
➖ qabristonlarning bino va inshootlari hamda yo‘l va yo‘laklarini qurish va ta’mirlash — har bir qabriston uchun ochilgan shaxsiy hisobvaraqlarda shakllangan mablag‘lar, homiylik va xayriya mablag‘lari, mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manbalari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar mablag‘lari.
Xayriya qilish orqali kelib tushadigan mablag‘larni qabristonni saqlash va obodonlashtirish bilan bog‘liq xarajatlarga yo‘naltirish maqsadida har bir qabriston uchun alohida shaxsiy hisobvaraq ochiladi.
Bungacha xayriya uchun bir tumandagi jami qabristonlar uchun bitta hisobvaraq ochilgani sababli yig‘ilgan mablag‘lar nazorati yo‘lga qo‘yilmagan edi.
Har bir qabriston uchun ochilgan shaxsiy hisobvaraqlarga ixtiyoriy xayriya qiluvchi yuridik va jismoniy shaxslarning to‘lovlarini qabul qilish uchun tegishli QR-kodlar joriy etiladi. Tushgan mablag‘lar faqat ushbu qabristonlarni saqlash, obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish bilan bog‘liq tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi va boshqa maqsadlar uchun sarflanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.