Rossiya prezidenti Vladimir Putin Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi (SPIEF) doirasida xalqaro axborot agentliklari rahbarlari bilan uchrashuvda Rossiya va Xitoy yaqin orada yangi energetika kelishuvlarini e’lon qilishini ma’lum qildi.
«Ishonchim komilki, yaqin vaqt ichida Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi yangi kelishuvlar bilan jahon energetika sohasini quvontiramiz», — dedi Putin.
Uning ta’kidlashicha, Xitoy raisi Si Szinpin bilan o‘zaro ishonchga asoslangan mustahkam munosabatlar shakllangan.
Rossiya rahbari ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi qariyb 250 milliard dollarga yetganini qayd etib, hamkorlik natijalarini ta’sirchan deb baholadi.
«Xitoy juda tez va faol rivojlanmoqda. U jahon iqtisodiyotida, global siyosatda va xalqaro ishlar tizimida tobora muhim o‘rin egallab bormoqda», — dedi Putin.
Shuningdek, u Rossiya va Xitoyni «tabiiy hamkorlar» deb atadi. Putinning so‘zlariga ko‘ra, Moskva maxsus harbiy operasiya boshlanganidan keyin Osiyo davlatlariga yuz burmagan, chunki ikki mamlakat munosabatlari bundan ancha oldin shakllangan.
«Biz tabiiy ittifoqchilarmiz, hamkorlarmiz. Biz qo‘shnilarmiz. Biz ulkan umumiy chegaraga egamiz», — dedi Rossiya prezidenti.
Kuzatuvchilar fikricha, yangi energetika kelishuvlari Rossiyaning Xitoyga neft va gaz yetkazib berish hajmini yanada oshirish hamda ikki davlatning strategik iqtisodiy hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan bo‘lishi mumkin.