Agentlikning Kremlga yaqin manbalariga tayanib xabar berishicha, Kiyevning Rossiya neft zavodlari va portlariga bergan so‘nggi dron zarbalari Putinning urushni davom ettirish bo‘yicha qarorini yanada mustahkamlagan.
Anonim qolishni istagan ikki manbaning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yil fevralda boshlangan ushbu urushda Putin vaziyatni yanada keskinlashtirishi kutilmoqda. Ularning fikricha, yaqin oylarda urush ko‘lami kengayishi ehtimoli juda yuqori.
"Putin Donbass viloyatining qolgan qismini egallash borasidagi asosiy maqsadidan qaytmayapti. Ammo bu yil Rossiya armiyasining ushbu hududdagi ilgarilashi sekinlashgan. Putin yaqinda hozirgi front chizig‘i bo‘ylab o‘t ochishni to‘xtatish va murosaga kelishni taklif qilgan bir guruh maslahatchilarini koyigan", — dedi Reuters suhbatdoshi.
Boshqa bir manba esa Putin Rossiya tez orada Donbassni to‘liq egallashiga ishonishini aytdi. Rossiya prezidenti iyun oyida Zelenskiyning uchrashuv o‘tkazish va o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi chaqirig‘ini ham ochiqchasiga rad etgandi.
Ukraina prezidenti ofisining yuqori martabali rasmiysi razvedka ma’lumotlariga tayanib, Putin tinchlikka emas, urushni davom ettirishga tayyorlanayotganini aytdi. Bunga Ukrainadagi yangi amaliyotlar yoki boshqa Yevropa davlatiga ehtimoliy hujum ham kirishi mumkin.
Rossiyalik harbiy ekspertlar ommaviy ravishda vaziyatni keskinlashtirishni, jumladan, Boltiqbo‘yi mamlakatlaridagi NATO bazalari kabi Yevropa nishonlariga zarba berishni muhokama qilmoqda. Bu qadam Rossiyani AQSh yetakchiligidagi ittifoq bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvga olib kelishi mumkin. NATO bilan keskinlikning ortishi Putinga Rossiya ichida yangi safarbarlik e’lon qilish uchun siyosiy bahona bo‘ladi.
Rossiya Donbassni egallashi uchun hali ko‘p vaqt va katta talofatlar kerak bo‘ladi. CCIS tahlil markazi hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022 yil boshidan beri urushda 2 millionga yaqin askar halok bo‘lgan, yaralangan yoki bedarak yo‘qolgan. Ularning 1,4 million nafari rossiyaliklardir. Rasman hech bir tomon talofatlar sonini ochiqlamaydi.