Mazkur qonunga ko‘ra, Rossiyadagi xorijlik fuqarolar o‘zini va qaramog‘idagi oila a’zolarini yashash minimumi hamda hududga qarab belgilangan ko‘rsatkich hisobga olingan miqdordan kam bo‘lmagan darajada ta’minlashi shart.
Shuningdek, patent asosida ishlayotgan migrantlar patentni rasmiylashtirish chog‘ida nafaqat o‘zlari, balki Rossiyada yashayotgan barcha voyaga yetmagan farzandlari uchun ham jismoniy shaxslar daromad solig‘i bo‘yicha belgilangan qat’iy avans to‘lovini amalga oshirishi kerak bo‘ladi. Mazkur talab tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan, jismoniy shaxslar uchun uy-ro‘zg‘or va shunga o‘xshash xizmatlarni ko‘rsatuvchi xorijliklarga ham tatbiq etiladi.
Qonun talablarini bajarmagan migrantlarga patent yoki ishlash ruxsatnomasi uzaytirilmaydi. Shundan so‘ng, agar Rossiyada qolish uchun boshqa qonuniy asoslari bo‘lmasa, ular voyaga yetmagan farzandlari bilan birga 15 kun ichida mamlakatni tark etishi kerak bo‘ladi.
Ushbu tartibga ko‘ra, migrantlarning voyaga yetmagan farzandlari Rossiyada ota-onasining patenti amal qiladigan muddat davomida qolishi mumkin. Ular 18 yoshga to‘lgach, 30 kun ichida mamlakatni tark etishi yoki Rossiyada qolish uchun patent olishga ariza berib, tegishli avans solig‘ini to‘lashi lozim.
Qonun bilan Rossiya Ichki ishlar vazirligiga migrantlarning daromadi, daromad darajasi hamda daromad solig‘i bo‘yicha avans to‘lovlari amalga oshirilganini tekshirish vakolati ham berildi. Shuningdek, vaqtinchalik yashash yoki yashash guvohnomasini olgan xorijliklarning soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tgan-o‘tmagani ham nazorat qilinadi.