Litva mudofaa vaziri Robertas Kaunas Vilnyusda jurnalistlarga bergan bayonotida Moskva Boltiqbo‘yi mintaqasidagi muhim infratuzilma ob’ektlariga zarba berish uchun egallab olingan Ukraina dronlaridan foydalangan holda soxta bayroq ostidagi fitna o‘tkazishi mumkinligini aytdi. Shu bilan birga, u bunday hujumning to‘g‘ridan—to‘g‘ri xavfi yo‘qligini bildirdi.
"Biz soxta Ukraina dronidan foydalaniladigan ehtimoliy fitna amaliyoti haqida gapiryapmiz. Bu bugungi kunda eng haqiqatga yaqin ssenariydir", — dedi Litva mudofaa vaziri.
Uning ta’kidlashicha, Rossiya muhokamadan faol rejalashtirish bosqichiga hali o‘tgani yo‘q. Biroq ruslarda o‘z hududiga kirib kelgan Ukraina dronlari bor va ularni ishchi holatga keltirib, qayta foydalanish imkoniyati bor.
Kaunasning so‘zlariga ko‘ra, Kreml mojaroni keskinlashtirish va Ukrainani NATO ittifoqchilaridan ajratish yo‘llarini izlamoqda. Litva Ukrainaga moliyaviy va texnologik yordam ko‘rsatmoqda, ammo o‘z havo hududi yoki hududidan har qanday davlatga qarshi harbiy amaliyotlar uchun foydalanishga ruxsat bermagan.
Litva razvedka xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Moskva shunday harakatni rejalashtirmoqda. Chunki Kreml Boltiqbo‘yi mamlakatlari Ukrainaga Rossiyaga dron zarbalari berish uchun o‘z havo hududidan foydalanishga ruxsat bergan va bu katta xato deb hisoblaydi.