Bunday taxminlar AQSh razvedkasining yangi hisobotlarida mavjud, deb yozadi The Wall Street Journal.
AQSh razvedkasiga ko‘ra, Rossiya tomondan tajovuzkor harakatlar 2026 yil kuzidan 2029 yilga qadar bo‘lgan oraliqda kuzatilishi ehtimoli mavjud.
Vashington shu paytgacha Ukrainadagi harbiy harakatlar davom etayotgan bir paytda Putin NATO bilan mojaroda keskinlik keltirib chiqarmaydi, deb hisoblardi. Biroq, endi baholar o‘zgargan: tahlilchilarning fikricha, Rossiya-Ukraina urushida ko‘zga ko‘rinadigan muvaffaqiyatlar yo‘qligi fonida Rossiya prezidentiga qandaydir sezilarli g‘alaba kerak. The Wall Street Journal'ning yozishicha, “burchakka siqib qo‘yilgan Putin yanada xavfliroq bo‘lib qolishi mumkin” degan xavotirlar bor.
"AQSh razvedkasi tomonidan ko‘rib chiqilayotgan ehtimoliy tahdidlar ko‘lami darajasiga ko‘ra o‘zgarib turadi – kiberhujumlar yoki biror bir hududni bosib olish uchun diversantlar yuborishdan tortib, NATO'ning sharqiy qanotidagi mamlakatlardan biriga cheklangan tarzda bostirib kirishgacha. Oxirgi ssenariyning ehtimoli past deb baholanmoqda, biroq vaqt o‘tishi bilan ehtimol ortib boradi", deyiladi maqolada.
Amerikalik rasmiylarning fikricha, ehtimoliy hujumdan maqsad alyansni parchalash bo‘lishi mumkin. Keng ko‘lamli bosqin NATO Nizomining Jamoaviy mudofaa to‘g‘risidagi beshinchi moddasini ishga tushirishga sabab bo‘ladi, ammo gibrid hujumlar yoki kiberhujumlar amalga oshirilgan holatlar uchun alyansda aniq belgilangan harakat rejasi yo‘q. Masalan, Putin AQSh bunday holatda ittifoqchilarga faqat cheklangan yordam ko‘rsatishi mumkinligiga umid qilishi mumkin.