Rossiya Yevropa Ittifoqi bilan yaxlit holda ham, alohida davlatlar bilan ham munosabatlarni tiklashga qaratilgan har qanday tashabbusni qo‘llab-quvvatlaydi.
Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin «Rossiya — Afrika» sammiti yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
U Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb va Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Styore bilan yaqinda bo‘lib o‘tgan telefon muloqotiga izoh berib, ular Yevropa Ittifoqi nomidan emas, balki o‘z mamlakatlari vakillari sifatida suhbatlashganini ta’kidlagan.
«Evropa Ittifoqi mamlakatlari — Finlyandiya va Norvegiya rahbarlari bilan telefon orqali bo‘lgan suhbatga kelsak, ular muloqot boshidayoq tashkilot sifatida Yevropa Ittifoqi nomidan gapirmayotganliklarini, menga milliy maqomda qo‘ng‘iroq qilayotganliklarini ta’kidlashdi», — dedi Putin.
Uning aniqlik kiritishicha, suhbat ularning tashabbusi bilan o‘tkazilgan va unda bir qator masalalar, jumladan, Boltiq dengizidagi xavfsizlik muhokama qilingan. Putinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya har qanday tahdidga javob berishga tayyor, biroq Boltiq dengizida Hurmuz bo‘g‘ozi va Fors ko‘rfazidagi kabi vaziyat yuzaga kelishini istamaydi.
Putin Yevropa Ittifoqi tomonidan Styore va Stubbga nisbatan bildirilgan tanqidlarga qo‘shilmagan. Uning ta’kidlashicha, mazkur tashabbus to‘g‘ri bo‘lgan va Moskva bilan konstruktiv muloqotni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan.
«Biz Yevropa mamlakatlari bilan to‘laqonli va har tomonlama munosabatlarni tiklashga qaratilgan har qanday qadamni doimo qo‘llab-quvvatlab kelganmiz va bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlaymiz», — dedi Putin.
Rossiya yetakchisi, shuningdek, Yevropada ko‘pchilik 2030 yilga borib Rossiya bilan urushga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida gapirayotganini qo‘shimcha qildi. Uning aytishicha, Rossiya bunga tayyor, biroq urushni istamaydi, chunki bunday urushda g‘oliblar bo‘lmaydi.