Bugun 1 noyabr, 2026 yil, yakshanba

КИР

Piskentda smart ko‘chatxonalar majmuasi foydalanishga topshirildi

Piskentda smart ko‘chatxonalar majmuasi foydalanishga topshirildi

Toshkent viloyatining Piskent tumanida Ekologiya qo‘mitasi huzuridagi O‘rmon agentligi tomonidan Koreya xalqaro hamkorlik agentligining O‘zbekistondagi vakolatxonasi (KOICA) bilan hamkorlikda «Aqlli texnologiyalar asosida Toshkent viloyatida o‘rmon va shahar hududlarini ko‘kalamzorlashtirish» loyihasi doirasida barpo etilgan yangi aqlli ko‘chatxonalar foydalanishga topshirildi.

Zamonaviy ko‘chatxonalarni foydalanishga topshirish tadbirida O‘rmon agentligi direktor o‘rinbosari G‘olibjon Qurbonov, Janubiy Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Von Do Yon, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari Abdushukur Hamzayev, Ekologiya qo‘mitasi va O‘rmon agentligi mas’ullari, KOICA kompaniyasi ekspertlari, Piskent tuman hokimligi mutasaddilari, viloyatdagi hududiy davlat o‘rmon xo‘jaliklari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni O‘rmon agentligi direktor o‘rinbosari G‘olibjon Qurbonov kirish so‘zi bilan ochib, keyingi yillarda mamlakatimizda Davlat rahbarining bevosita tashabbusi bilan yangi o‘rmonlar barpo etish, yashil hududlarni yanada kengaytirish borasida e’tirofga loyiq ishlar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidladi.

«Ta’kidlash joizki, yaqinda Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida bir yilda millionlab sifatli ko‘chatlar yetishtirish imkoniyatiga ega bo‘lgan zamonaviy ko‘chatchilik markazi ish boshladi. Joriy yilda Andijonda ham umumiy maydoni 5 yarim gektar bo‘lgan aqlli ko‘chatxonalar majmuasi barpo etildi. Mazkur ko‘chatxonalar “Yashil makon” umummilliy loyihasini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi, – dedi G‘olibjon Qurbonov. – Bugun Toshkent viloyatining Piskent tumanida foydalanishga topshirilayotgan ushbu aqlli ko‘chatxonalar ham ana shu xayrli tashabbuslarning uzviy davomidir. Mazkur zamonaviy ko‘chatxona barpo etilishini bevosita qo‘llab-quvvatlagan Janubiy Koreya Respublikasi hukumatiga, KOICA kompaniyasiga hamda uni amalga oshirishga jonbozlik ko‘rsatgan barcha hamkorlarimizga O‘rmon agentligi nomidan samimiy minnatdorchilik bildiramiz».

Tadbir davomida bu yerda bunyod etilgan aqlli ko‘chatxonalar majmuasining ramziy esdalik toshi tantanali tarzda ochildi. Mehmonlar majmua hududiga esdalik uchun daraxtlar ekishdi.

Shundan so‘ng ishtirokchilar ko‘chatxona faoliyati va infratuzilmasi bilan yaqindan tanishishdi.

Aytish joizki, KOICA kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ushbu loyiha 2024–2028 yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, uning umumiy qiymati 7,7 mln AQSh dollarini tashkil etadi.

Toshkent ko‘chatchilikka ixtisoslashgan davlat o‘rmon xo‘jaligining Do‘ngqo‘rg‘on bo‘limida barpo etilgan mazkur ko‘chatxonada 14 ta smart issiqxona mavjud. Uning umumiy maydoni 7 gektardan iborat. Issiqxonalar iqlimga mos sifatli ko‘chatlar yetishtirishga mo‘ljallangan, avtomatlashtirilgan ichki muhitni doimiy monitoring qilish uskunalari bilan jihozlangan.

Smart texnologiyalar asosida ko‘chat yetishtirish o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish, ko‘chat yetishtirish samaradorligini oshirish hamda iqlim o‘zgarishlariga moslashish chora-tadbirlarini amalga oshirishda alohida ahamiyat kasb etadi. Loyiha doirasida mahalliy iqlimga mos ko‘chatlar yetishtirish, ularni payvand qilish va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish bo‘yicha o‘quv-seminarlar tashkil etilmoqda.

Shuningdek, loyihaning amalga oshirilishi o‘rmon xo‘jaligida mavjud infratuzilmadan samarali foydalanish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda turli xil daraxt va buta turlarini ko‘paytirish imkoniyatini yanada kengaytiradi.

Ushbu zamonaviy ko‘chatxona katta hajmdagi daraxt va buta ko‘chatlarini yetishtirish, o‘rmon xo‘jaliklariga sifatli ko‘chatlar yetkazib berish, respublika hududlarida yangi yashil hududlar tashkil etish, o‘rmonlar barpo etish va qayta tiklash hamda qurg‘oqchil hududlarda cho‘llanishning oldini olishga xizmat qiladi.

Koreyalik mutaxassislarning ta’kidlashicha, zamonaviy usullarda ko‘chatlar yetishtiriladigan ushbu smart issiqxonalar bir qancha afzalliklarga ega.

Asosiysi, bu yerda ilg‘or texnologik uskunalar yordamida suv sezilarli darajada tejaladi. Nihollar yerda emas, maxsus tuvaklarda yetishtirilishi hisobiga o‘rtacha bir yil ichida ekish uchun tayyor bo‘ladi. Avtomatik boshqaruv hisobiga qo‘l mehnati kamayadi. Barcha jarayonlar maxsus dastur ko‘magida amalga oshiriladi va natijada ko‘chatlarning sifatli rivojlanishiga erishiladi. Eng muhimi, bunday sharoitda maxsus konteynerlarda yetishtirilgan ko‘chatlarni tog‘li hududlarga yetkazish va ekish ancha oson. Bu jihatlar ham, o‘z navbatida, xarajatlarning kamayishiga xizmat qiladi.

Ma’lumot o‘rnida, O‘rmon agentligi tasarrufidagi o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan joriy yilning 9 oyi davomida o‘rmonchilik va ko‘kalamzorlashtirish ishlari uchun 1 100 tonna daraxt va buta urug‘lari jamg‘arildi. 1 035 gektar maydonda mahalliy tuproq-iqlim sharoitlariga mos 101,6 million tup nihol va ko‘chatlar parvarish qilinmoqda.

Bunday keng ko‘lamdagi ishlarning natijasi ko‘chatlarni to‘g‘ri tanlash, sifatli yetishtirish va ekilgandan keyingi parvarishni ta’minlashga bevosita bog‘liq. Piskentda barpo etilgan ushbu aqlli ko‘chatxonada joriy etilgan texnologiyalar suvdan samarali foydalanish, ko‘chatlarni boshqariladigan muhitda yetishtirish va ularning sifatini oshirish imkonini beradi. Endi bunday ilg‘or tajribalarni boshqa o‘rmon xo‘jaliklariga ham joriy etish maqsad qilingan.

Kiritildi: 15:48 30.10.2026. O'qildi: 772 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!