Bugun 16 sentyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

Patrushev: Rossiya bilan mojaro yuz bersa, Polsha ikki-uch kunda yo‘q bo‘lib ketadi

Patrushev: Rossiya bilan mojaro yuz bersa, Polsha ikki-uch kunda yo‘q bo‘lib ketadi

Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy Rossiya ustidan harbiy ustunlik haqida gapirar ekan, Rossiya bilan mojaro yuz bergan taqdirda Polsha ikki-uch kun ichida yo‘q bo‘lib ketishi mumkinligini anglamayapti. Bu haqda Rossiya prezidenti yordamchisi Nikolay Patrushev «Argumenti i fakti» nashriga bergan intervyusida aytdi.

«Bugun Sikorskiy va Polsha rahbariyatining boshqa vakillari go‘yoki Polsha buyukligini tiklayotgani haqida gapirmoqda. Aslida esa ular sog‘lom bo‘lmagan ambisiyalarni qayta tiklamoqda: “dengizdan dengizgacha Polsha”ni qayta barpo etish, Rossiyaga qarshi “sanitar kordon” yaratish va Yevropani afsonaviy “Rossiya tahdidi”dan himoya qilish rejalarini e’lon qilmoqda», — dedi Nikolay Patrushev.

Patrushevning qo‘shimcha qilishicha, Polsha tashqi ishlar vaziri «rusofobik kayfiyatda» tinch-totuv yashashni ta’minlashni istamayapti va «tarixiy xatolarni takrorlamoqda».

Rossiya prezidenti yordamchisi Radoslav Sikorskiy Vladimir Putinning Rossiya Yevropaga tahdid solmayotgani haqidagi so‘zlarini eshitmayotganini ham ta’kidladi.

Avvalroq Radoslav Sikorskiy NATOning Rossiya hududi yaqinidagi harbiy mashg‘ulotlari jadalligini oshirishni taklif qilgan va Polsha aviasiya sohasida Rossiyadan «yaqqol ustunlikka» ega ekanini aytgan edi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Varshava olti hafta ichida Rossiya neftni qayta ishlash zavodlarining yarmini yo‘q qilishi, qolgan yarmini esa «ishdan chiqarishi» mumkin.

Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova Polsha vazirining bu bayonotlarini «miyadagi rusofobiya» deb atagan. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Rossiya Kaliningrad viloyati xavfsizligini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rayotganini bildirgan.

Kiritildi: Bugun 10:00. O'qildi: 529 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!