Bugun 9 sentyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

Nyu-Dehlida besh qavatli bino qulab, yetti kishi halok bo‘ldi

Nyu-Dehlida besh qavatli bino qulab, yetti kishi halok bo‘ldi

Hindiston poytaxti Nyu-Dehlida talabalar yotoqxonasi joylashgan besh qavatli bino qulab tushdi. Fojia oqibatida kamida yetti kishi halok bo‘lgan, yana olti kishi jarohatlangan.

Hodisa yakshanba kuni Dehli universiteti kampusi yaqinidagi aholi zich joylashgan Satya Niketan hududida sodir bo‘lgan. Bino vayronalari ostida qolganlarni qidirish ishlari polisiya, o‘t o‘chiruvchilar va Milliy favqulodda vaziyatlar agentligi xodimlari tomonidan davom ettirilmoqda.

Qutqaruvchilar maxsus texnika va xizmat itlari yordamida vayronalarni tekshirmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, vayronalarning qariyb 80 foizi tozalangan va kamida 12 kishi qutqarib olingan.

Mahalliy aholining aytishicha, bino kamida 55 yillik bo‘lgan. Unda bir necha oy davomida ta’mirlash ishlari olib borilgan va ishlar yakunlanmaganiga qaramay, avgust oyida yotoqxona qayta ochilgan.

Dehli bosh vaziri Rekxa Guptaning ma’lum qilishicha, dastlabki taxminlarga ko‘ra, binoning qulashiga yerto‘lada suv to‘planishi va eski inshootda olib borilgan ta’mirlash ishlari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Hodisadan so‘ng bino egasi qo‘lga olingan va unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, binolar xavfsizligini nazorat qilish uchun mas’ul bo‘lgan kamida besh nafar shahar xodimi ishdan bo‘shatilgan.

Rasmiylar kelgusida talabalar yotoqxonalari, maktablar va qariyalar uylari kabi jamoat binolarining yuk ko‘taruvchi konstruksiyalarini muntazam tekshirish hamda ularga xavfsizlik sertifikati berishni kuchaytirishni rejalashtirmoqda.

Hindistonning ayrim hududlarida musson mavsumi — iyundan sentyabrgacha davom etadigan kuchli va uzoq yomg‘irlar davrida eski binolarning qulab tushishi tez-tez uchraydi.

Kiritildi: 18:20 07.09.2026. O'qildi: 416 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!