Norvegiya hukumati rossiyalik va belaruslik professional sportchilar hamda ularga hamrohlik qiluvchi xodimlarning musobaqalarda qatnashish uchun mamlakatga kirishiga ruxsat bermaslikka qaror qildi. Bu haqda Norvegiya hukumatining rasmiy saytida xabar berildi.
Bayonotga ko‘ra, Adliya va jamoat xavfsizligi vazirligi Immigrasiya boshqarmasi hamda polisiyaga musobaqalarda qatnashish uchun Norvegiyaga keladigan rossiyalik va belaruslik professional sportchilar, shuningdek, ularga hamrohlik qiluvchi shaxslarning mamlakatga kirishini rad etish bo‘yicha ko‘rsatma beradi. Yangi tartib yaqin vaqt ichida kuchga kiradi.
Norvegiya hukumati Rossiya sporti mamlakat hokimiyati va davlat tuzilmalari bilan chambarchas bog‘liqligini ta’kidladi. Shu sababli, hukumat fikricha, Rossiyaning xalqaro musobaqalardagi ishtirokini Ukrainadagi davom etayotgan urushdan alohida ko‘rib chiqib bo‘lmaydi.
Norvegiyaning bu qarori Finlyandiya rossiyalik sportchilarning mamlakatga kirishiga cheklov joriy etishini e’lon qilganidan bir kun o‘tib qabul qilindi. Finlyandiya bu haqda 12 noyabr kuni ma’lum qilgan edi. Xalqaro konkida uchish ittifoqi (ISU) esa Finlyandiyaning qarorini qo‘llab-quvvatlamadi. Tashkilot sportchilar o‘z hukumatlarining harakatlari uchun javobgar bo‘lmasligi kerakligini bildirdi.