Markaziy Osiyo davlatlariga hech qachon tahdid qilmaganman, tarqalgan video sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan, deya murojaat qildi sobiq chempion Nikolay Valuyev.
Avvalroq rossiyalik deputat, og‘ir vazn toifasidagi sobiq jahon chempioni Nikolay Valuyev "Rossiya 30 yildan buyon sobiq sovet respublikalariga nisbatan yumshoq siyosat qo‘llagani, endi ularga qattiq choralar ko‘rish zarurligini" aytib chiqqani aks etgan videolar tarqalgandi.
Valuyevning so‘zlariga ko‘ra, bu video boshidan oxirigacha qayta ishlangan va internetda nafrat qo‘zg‘atish uchun tarqatilgan.
"Bu voqea sun’iy intellekt bilan bog‘liq. Ba’zi odamlar uni ishlatib, aytilgan so‘zlarni buzish yoki undan ham yomoni, hammasini boshidan oxirigacha o‘zlari istaganday yaratmoqchi bo‘lishgan. Maqsad nima? Juda oddiy, nafrat qo‘zg‘atish. Bugungi kunda internet nafaqat foydali ma’lumot manbai, balki xavf manbai ekanligi hammaga ma’lum. Videorolik shaklida taqdim etilgan ma’lumot hamisha ko‘ruvchi va tinglovchini ishontirishga mo‘ljallangan. Shu yerda sun’iy intellekt juda qulay vosita bo‘lib xizmat qiladi. Hozirgi kunda texnologiyalar yordamida insonlar ishtirokisiz filmlar suratga olinishi mumkin – bu ish, allaqachon amalga oshirilgan. Faqat farqi shundaki, endi bunday texnologiya keng ommaga ochiq", — degan Valuyev o‘z murojaatida.