Niderlandiya geosiyosiy beqarorlik kuchayib borayotgan bir sharoitda AQShda saqlanayotgan oltin zaxiralarining bir qismini olib chiqib, Londonga ko‘chirdi. Bu haqda Tasnim News xabar berdi.
Niderlandiya Markaziy banki (DNB) ma’lumotlariga ko‘ra, qaror oltin zaxiralarini turli joylarda yanada muvozanatli taqsimlash va ehtimoliy xatarlarni diversifikasiya qilish maqsadida qabul qilingan. Bank bu qadamni AQSh prezidenti Donald Trampning iqtisodiy siyosati bilan bevosita bog‘lamagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Niderlandiya Nyu-York va Ottavada saqlangan jami taxminan 86 tonna oltinni olib chiqqan. Ilgari mamlakat oltin zaxiralarining 31 foizdan ortig‘i Nyu-Yorkda saqlangan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 18,5 foizni tashkil etmoqda. Kanadada ham saqlanayotgan oltin miqdori 19,7 foizdan 18,5 foizga kamaygan.
Ayni paytda Niderlandiya oltin zaxiralarining 32 foizdan sal ko‘prog‘i Londonda, qariyb 31 foizi mamlakatning o‘zida, 18,5 foizdan qismi esa Nyu-York va Ottavada saqlanmoqda.
DNB ta’kidlashicha, Londondagi Angliya banki omborlarida saqlanayotgan oltin xalqaro savdo standartlariga mos bo‘lib, jahondagi eng likvid oltin aktivlaridan biri hisoblanadi. Bu inqiroz yuzaga kelgan taqdirda zaxiralarga tezkor kirish imkonini beradi.
So‘nggi vaqtlarda Trampning AQSh Federal zaxira tizimiga nisbatan tanqidlari fonida AQShda saqlanayotgan xorijiy davlatlarning oltin zaxiralari xavfsizligi borasida xavotirlar ham kuchaygan. Biroq Niderlandiya Markaziy banki o‘z qarorini aynan shu omil bilan izohlamagan.
Shu bilan birga, Germaniyaning oltin zaxiralarini AQShdan olib chiqish masalasi ham vaqt-vaqti bilan muhokama qilinmoqda. Germaniya Bundesbanki hozircha bunday qadam uchun asos ko‘rmayotganini bildirgan.
Bundesbank tasarrufida qariyb 3350 tonna oltin mavjud bo‘lib, bu hajm bo‘yicha Germaniya AQShdan keyin dunyoda ikkinchi o‘rinda turadi. Germaniya oltin zaxiralarining 51 foizi Frankfurtda, qariyb 37 foizi Nyu-Yorkda va 12 foizdan sal ko‘prog‘i Londonda saqlanadi.