Neymar Braziliya terma jamoasi safida jahon chempionatida maydonga tushishni rejalashtirmoqda. ESPN nashrining Braziliyadagi filiali bergan xabarga ko‘ra, futbolchi «Santos»dagi jamoadoshlari bilan bo‘lajak mundialda ishtirok etish imkoniyatlarini doimiy ravishda muhokama qilib kelmoqda.
Qayd etilishicha, Neymar jahon chempionati haqida tinimsiz gapiradi va ushbu turnirni o‘z faoliyatidagi so‘nggi missiya deb hisoblaydi.
Fevral oyining boshida Neymar o‘zining 34 yoshini qarshi oldi. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan jahon chempionatida Braziliya terma jamoasi chorak finalda Xorvatiyaga mag‘lub bo‘lib, musobaqani tark etgan edi. O‘sha o‘yindan so‘ng Neymar ko‘z yoshlarini tiya olmagandi.
2026 yilgi jahon chempionatining guruh bosqichida Braziliya terma jamoasi Shotlandiya, Marokko va Gaiti terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi.