Bugun 20 oktyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

Netanyahu Isroilning yangi xavfsizlik doktrinasini e’lon qildi

Netanyahu Isroilning yangi xavfsizlik doktrinasini e’lon qildi

Isroil bosh vaziri Eronda hokimiyat almashinuviga erishish, harbiy ishlab chiqarishni kengaytirish va mintaqaviy ittifoqlarni mustahkamlashga va’da berdi. U bo‘lajak saylovlarni mamlakat uchun ekzistensial ahamiyatga ega masala deb atadi.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu milliy xavfsizlikning yangi doktrinasini taqdim etdi. U Eron rejimi ag‘darilishiga erishish va mamlakatning strategik maqsadlarini amalga oshirish uchun harbiy operasiyalarni davom ettirish niyati borligini bildirdi.

G‘arbiy Quddusdagi o‘z idorasida isroillik jurnalistlar bilan o‘tkazilgan brifingda Netanyahu 27 oktyabrga belgilangan saylovlar «ekzistensial ahamiyatga ega» ekanini ta’kidlab, belgilangan harbiy vazifalarni bajarishga va’da berdi. Bu haqda The Times of Israel nashri xabar berdi.

Bosh vazir devoni qariyb ikki soat davom etgan uchrashuvning videyozuvini e’lon qildi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, brifingni Isroil ommaviy axborot vositalarining ko‘pchiligi boykot qilgan.

Netanyahu preventiv zarbalarni yangi doktrinaning asosiy tamoyillaridan biri deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eronning yadroviy maqsadlari Isroil uchun asosiy tahdidlardan biri bo‘lib qolmoqda, Eron rejimini ag‘darish esa muhim strategik maqsad hisoblanadi.

Bosh vazir, shuningdek, Erondagi iqtisodiy vaziyatning yomonlashuvini aholi noroziligining kuchayishi va yangi namoyishlar ehtimoli bilan bog‘ladi.

«Bizning rejamiz rejimning ag‘darilishini ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli va o‘ta qat’iy rejadir. Bu mening barcha xavfsizlik idoralariga bergan ko‘rsatmam», — dedi Netanyahu.

AQSh ko‘magisiz Eronga qarshi harbiy harakatlar olib borish imkoniyati haqidagi savolga javob berar ekan, u Isroil xavfsizlik masalalarida Vashingtonga bog‘liq emasligini ta’kidladi.

«Biz zarurat tug‘ilganda mustaqil harakat qilamiz. Ilgari ham shunday qilganmiz va zarur bo‘lsa, yana shunday qilamiz», — dedi bosh vazir.

Bosib olingan G‘arbiy sohilda isroillik ko‘chmanchilarning falastinliklar, xorijlik faollar, jurnalistlar va diplomatlarga hujumlari haqida fikr bildirar ekan, Netanyahu hujum qiluvchilarni «isyonchilar» deb atadi. Biroq u bu muammoning ko‘lamini kichraytirib ko‘rsatib, bunday hodisalarga xalqaro e’tibor qaratilishi va ularning qoralanishi bo‘rttirib yuborilayotganini aytdi.

G‘azo sektori haqida gapirar ekan, bosh vazir HAMAS qurolsizlantirilmaguncha anklavning qayta tiklanishiga yo‘l qo‘ymasligini yana bir bor ta’kidladi.

Livan masalasida Netanyahu Livan hukumatidan «Hizbulloh»ni qurolsizlantirishni yana talab qildi va aks holda Isroilning o‘zi zarur choralarni ko‘rishini ogohlantirdi.

Netanyahu Donald Trampning prezidentlik muddati tugaguniga qadar Isroilning AQSh bilan hamkorligini mustahkamlash uchun vaqt cheklanganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki yildan keyin Vashingtonda Isroilga nisbatan o‘ta dushmanona munosabatda bo‘lgan prezident hokimiyatga kelishi mumkin.

«Biz ushbu ikki yil davomida qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilishimiz, mintaqamizda va undan tashqarida ko‘plab ittifoqlar tuzish ustida ishlashimiz kerak», — dedi bosh vazir.

Isroilning ehtimoliy hamkorlari qatorida u Hindiston va Lotin Amerikasi mamlakatlarini tilga oldi. Netanyahuning aytishicha, arab va Evropa davlatlari ham Isroil bilan yaqinlashishga intilmoqda, qurol etkazib berish va mudofaa sanoati sohasidagi hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.

Isroil qurol-yarog‘ ishlab chiqarishni, jumladan, er osti harbiy ob’ektlarini barpo etishni rejalashtirmoqda. Mamlakat xavfsizligini mustahkamlash uchun jami qariyb 145 milliard dollar yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.

Netanyahu saylovlar arafasida bir millat vakillaridan iborat hukumat tuzishga intilayotgani haqidagi da’volarni ham rad etdi. Uning ta’kidlashicha, aksincha, u keng asosga ega bo‘lgan hukumatni shakllantirishga harakat qilmoqda.

Kiritildi: 21:45 19.10.2026. O'qildi: 385 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!