Bugun 8 oktyabr, 2026 yil, payshanba

КИР

Nega Ukrainada Rossiya bilan muzokaralar haqida yana gapirila boshlandi?

Nega Ukrainada Rossiya bilan muzokaralar haqida yana gapirila boshlandi?

2 oktyabr kuni Ukrainaning uch nafar taniqli siyosatchisi Rossiya bilan muzokaralar orqali urushni tugatish yo‘lini izlashga chaqirdi. Ayniqsa, Ukraina Oliy Radasi deputati, «Evropa birdamligi» partiyasi a’zosi Aleksey Goncharenkoning «mingta kichik kelishuv» g‘oyasi e’tiborga tushdi.

Goncharenko Moskva bilan Ukrainaning betaraf maqomi va NATOga qo‘shilmasligi, sanksiyalarni qisman bekor qilish, Ukrainada rus tili va cherkovining maqomi, shuningdek, Donbassning kelajagi kabi masalalarni muhokama qilishni taklif qildi. 5 oktyabr kuni esa «Evropa birdamligi» parlament fraksiyasi Goncharenkoni o‘z safidan chiqardi.

Ukrainalik siyosatshunos Aleksey Garan bunday bayonotlar paydo bo‘lishini bir necha omil bilan izohlaydi. Uning aytishicha, oldinda og‘ir qish turibdi, odamlar urushdan charchagan, muzokaralar haqida esa bugun ham Ukraina rahbariyati, ham AQSh prezidenti Donald Tramp gapirmoqda.

Ekspertning fikricha, ayrim siyosatchilar ehtimoliy kelajak saylovlar arafasida siyosiy ochko to‘plash maqsadida «parovozdan oldin yugurishga» harakat qilmoqda. Shuningdek, u bu bayonotlar jamiyatning turli ehtimoliy kelishuvlarga munosabatini tekshirish uchun qilingan «sinov signali» bo‘lishi mumkinligini istisno qilmaydi.

Ukrainaning Strategiyalar va tahlil markazi rahbari Igor Chalenko esa bu jarayonni Abu-Dabida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan texnik uch tomonlama uchrashuvga tayyorgarlik bilan bog‘laydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv ehtimoliy sohaviy sulh kelishuvlari, Donald Tramp ma’muriyatining tinchlik rejasini yangilash va Rossiyani muzokara jarayoniga jalb etish masalalariga bag‘ishlanishi mumkin.

Chalenkonning fikricha, siyosatchilar bayonotlarining bir vaqtga to‘g‘ri kelishi jamiyatning turli murosa ssenariylariga, jumladan betaraflik, til va cherkov masalalariga munosabatini tekshirishga qaratilgan muvofiqlashtirilgan harakatga o‘xshaydi.

Biroq ukrainaliklar Rossiya bilan muzokaralar haqida aslida qanday fikrda?

Kiyev xalqaro sosiologiya instituti (KMIS) tomonidan 12–21 sentyabr kunlari o‘tkazilgan so‘nggi so‘rov Ukraina jamiyatida «har qanday narx evaziga tinchlik» talabi borligini tasdiqlamaydi.

So‘rov natijasiga ko‘ra, ukrainaliklarning 75 foizi muzokaralarni urushni tugatish vositasi sifatida qabul qiladi, 21 foizi esa bunga qarshi.

Biroq KMIS ta’kidlashicha, savol muzokaralarning o‘ziga munosabat haqida bo‘lgan, yon berishlarga tayyorlik haqida emas.

Jumladan, respondentlarning 69 foizi amaldagi front chizig‘i bo‘ylab zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishni faqat bir qator shartlar asosida qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Ular orasida Ukraina okkupasiya qilingan hududlarni yuridik jihatdan Rossiyaniki deb tan olmasligi, armiyasini mustahkamlashda davom etishi hamda Yevropa Ittifoqi va NATOga qo‘shilish kursini saqlab qolishi kabi shartlar bor.

Kiritildi: 23:01 07.10.2026. O'qildi: 460 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!