Bugun 7 oktyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

Nega antibiotiklarni faqat shifokor tavsiyasi bilan qabul qilish kerak?

Nega antibiotiklarni faqat shifokor tavsiyasi bilan qabul qilish kerak?

Kuz kelishi bilan yurtimizda surunkali kasalliklar xuruj qilishi va mavsumiy xastaliklarga chalinish holatlari ortishi kuzatiladi. Ayniqsa, bu fasl o‘tkir respirator virusli infeksiyalar tarqalishi uchun qulay palla hisoblanadi.

💊 Afsuski, ko‘pchilik bu paytda shifokorga murojaat qilish o‘rniga uy sharoitida o‘zboshimchalik bilan antibiotiklar qabul qiladi.

❓Xo‘sh, bu qanchalik to‘g‘ri? Umuman, ushbu dori vositasi haqida nimalarni bilish muhim?

🔵Quyida shu kabi savollarga batafsil javob olasiz.

Multichidamli bakteriya nima?

💊 Bugun dunyoda antibiotiklarni noto‘g‘ri va nazoratsiz qo‘llash nafaqat bir bemor salomatligiga, balki insoniyatga daxldor jiddiy muammoga aylanmoqda. JSSTning ogohlantirishicha, agar antibiotiklarga chidamlilikning oldi olinmasa, 2050 yilga borib, doriga chidamli infeksiyalar har yili Yer yuzida 10 millionga yaqin inson hayotiga zomin bo‘lishi mumkin.

💊 Tibbiyotda antibakterial vositalarga chidamlilik va multichidamlilik tushunchalari mavjud. Agar bakteriya ma’lum bir antibiotik ta’siriga chidamli bo‘lib qolsa, unga qarshi mazkur dori samara bermasligi mumkin. Bakteriya bir nechta turdagi antibiotiklarga bir vaqtning o‘zida chidamli bo‘lsa, bu holat multichidamlilik deb ataladi.

Antibiotik gripp yoki O‘RVIni davolamaydi

😷 O‘tkir respirator infeksiyalar yoki gripp xastaliklarida antibiotiklar foyda bermaydi, aksincha, nojo‘ya ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Chunki mazkur infeksiyalarning sababchisi bakteriya emas, balki viruslardir. Antibiotiklar esa faqat bakterial infeksiyalarni davolashda qo‘llaniladi. Shu sababli O‘RVI yoki grippga chalingan bemor ushbu preparatlarni qabul qilsa, tezroq tuzalmaydi, aksincha, ich ketishi, allergiya kabi nojo‘ya ta’sirlar yuzaga kelishi, bakteriyalarning chidamliligi esa ortishi mumkin.

🏃‍♂️ Bundan tashqari, har qanday antibiotik anafilaktik shok, ya’ni inson hayotiga xavf soluvchi allergik reaksiyaga sabab bo‘lishi mumkin. Uni zaruratsiz ichish — behuda xavf.

📌Antibakterial vositalardan palapartish foydalanish tananing boshqa a’zolariga ham jiddiy zarar yetkazish ehtimoli bor. Xususan, jigar yoki buyrak yetishmovchiligi bo‘lgan bemorlarda ularni shifokor tavsiyasisiz qabul qilish og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin. Ularga dori va dozani faqat shifokor tayinlaydi.

✅ Zotiljam, streptokokkli angina, yiringli otit kabi bakterial infeksiyalarda esa antibiotik zarur — faqat buni ham shifokor aniqlaydi. Shuni unutmaslik kerakki, tayinlangan dorini belgilangan doza va muddatda ichish lozim. Ortib qolgan dorini keyinchalik qabul qilish yoki boshqalarga, ayniqsa, bolalarga berish aslo mumkin emas.

«Menga avval shu dori yordam bergan. Endi-chi?»

🩺 Amaliyotda keng tarqalgan yana bir holat bor: inson avval shamollaganida ma’lum bir dori ichgan va sog‘aygan. Keyin xuddi shunday belgilar paydo bo‘lsa, o‘sha dorini yana qabul qiladi. Ammo bir xil belgi doim ham bir xil sababni anglatmaydi.

🤧 Yo‘tal virusli infeksiya, allergiya va yana bir qancha kasalliklarda kuzatilishi mumkin. Tomoq og‘rig‘ining ham turli sabablari bor. Shuning uchun dori qabul qilishdan oldin, albatta, shifokorga murojaat qilish va kasallikning sababini aniqlash lozim.

Shamollaganda nima qilish kerak?

🫗Agar shamollash yoki gripp belgilari yengil kechayotgan bo‘lsa, avvalo, organizmga tiklanish uchun sharoit yaratish kerak. Yetarli suyuqlik ichish, dam olish, xona havosini muntazam yangilab turish va shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish tavsiya etiladi.

🌡 Tana harorati, bosh va tomoq og‘rig‘i yoki boshqa belgilarni yengillashtirish uchun dori vositalari zarur bo‘lsa, ularni shifokor tavsiyasi asosida qabul qilish maqsadga muvofiq.

‼️ Agar nafas olish qiyinlashishi, ko‘krakda og‘riq, hushning buzilishi, kuchli holsizlik, uzoq davom etayotgan yoki juda yuqori harorat, bolalarda esa tez-tez nafas olish va lanjlik kabi belgilar kuzatilsa, darhol oilaviy shifokor yoki «103» xizmatiga murojaat qiling.

Kiritildi: 23:25 06.10.2026. O'qildi: 295 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!