O‘zbekiston Kubogining yarim finalida ishtirok etadigan barcha jamoalar nomi ma’lum bo‘ldi. So‘nggi yo‘llanmani "G‘azalkent" ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozongan "Navbahor" qo‘lga kiritdi.
Namanganda o‘tgan chorak final bahsining birinchi bo‘limi mezbonlar ustunligida kechdi. 26-daqiqada Jasurbek Jaloliddinovning uzatmasini Muhammadali G‘iyosov bosh bilan darvozaga yo‘llab, hisobni ochdi. Oradan olti daqiqa o‘tib, Joel Kojo farqni ikkitaga yetkazdi.
Tanaffusdan keyin mehmonlar o‘yinga qaytishga harakat qildi. 52-daqiqada Lazizbek Mirzayev gol urib, hisobni 2:1 ko‘rinishiga keltirdi.
Keyingi daqiqalarda "G‘azalkent" hisobni tenglashtirish imkoniyatlariga ega bo‘ldi, biroq darvozabon Shukron Yo‘ldoshev bir necha bor jamoasini muqarrar goldan saqlab qoldi.
82-daqiqada Husayn Norchayev raqib darvozasini ishg‘ol etib, uchrashuvning yakuniy hisobini o‘rnatdi — 3:1.
Shu tariqa, "Navbahor" O‘zbekiston Kubogining yarim finaliga yo‘l oldi. Namanganliklar final yo‘llanmasi uchun OKMK bilan kuch sinashadi.
O‘zbekiston Kubogi. Chorak final
"Navbahor" — "G‘azalkent" — 3:1
Gollar: Muhammadali G‘iyosov (26), Joel Kojo (32), Husayn Norchayev (82) — Lazizbek Mirzayev (52).