Bugun 7 oktyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

NATO va Rossiya o‘rtasida harbiy mojaro yuzaga kelishi mumkin

NATO va Rossiya o‘rtasida harbiy mojaro yuzaga kelishi mumkin

NATO Rossiya bilan ehtimoliy mojaro uchun yangi strategiya ishlab chiqmoqda.

NATO Rossiya bilan ehtimoliy harbiy mojaro yuzaga kelgan taqdirda alyansning harakatlarini belgilab beruvchi yangi strategiyani ishlab chiqmoqda. Bu haqda Bloomberg agentligi NATO Yevropadagi Birlashgan Qurolli Kuchlari oliy bosh qo‘mondoni, amerikalik general Aleksus Grinkevich tomonidan tayyorlanayotgan hujjatning maxfiy bo‘lmagan versiyasiga tayanib xabar berdi.

«G‘alaba nazariyasi» deb nomlangan hujjatda alyans ehtimoliy mojaro sharoitida o‘zining harbiy ustunligini saqlab qolish va NATO hududiga qilingan hujumni to‘xtatish bo‘yicha yondashuvlar bayon etilgan.

General Grinkevich vakili polkovnik Martin O’Donnellning aytishicha, NATO murakkab va beqaror xavfsizlik muhiti sharoitida ehtimoliy hujumni tiyib turish, zarurat tug‘ilsa, unga qarshi harakat qilish uchun zarur sharoitlarni oldindan yaratishi kerak.

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, hujjat 12 oktyabr kuni Polshada taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Strategiyada NATOning sharqiy qanotida joylashtirilgan quruqlikdagi harbiy qismlar va boshqa vositalardan foydalanish nazarda tutilgan. Jumladan, arzon dronlar, ekipaj ishtiroki minimal bo‘lgan tizimlar hamda sun’iy intellekt asosida nishonga olish vositalaridan foydalanish taklif etilmoqda.

Agentlikka ko‘ra, alyans manyovr qilish imkoniyatiga ega bo‘lganidan so‘ng raqibning qo‘mondonlik va boshqaruv tizimlarini ishdan chiqarishga intilishi mumkin. Bu orqali NATO ehtimoliy raqibga alyansning mojaroga tayyorligini namoyish etishni maqsad qilmoqda.

Ayni paytda Rossiya rasmiylari Moskva NATO davlatlariga hujum qilish rejasi borligini bir necha bor rad etgan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham Rossiya va NATO o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy mojaro yuzaga kelishidan manfaatdor emasligini bildirgan.

NATO bosh kotibi Mark Ryutte avvalroq alyans Rossiya tomonidan unga qarshi hujumga tayyorgarlik ko‘rilayotgani belgilariga ega emasligini aytgan. Shu bilan birga, u Yevropa davlatlarini uzoq muddatli gibrid tahdidlarga tayyor turishga chaqirgan.

Kiritildi: 23:30 05.10.2026. O'qildi: 770 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!