Bugun 29 oktyabr, 2026 yil, payshanba

КИР

Nasos stansiyalarining nomlari davlat tili me’yorlariga muvofiqlashtirildi

Nasos stansiyalarining nomlari davlat tili me’yorlariga muvofiqlashtirildi

Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 22 oktyabrdagi 587-son qarori bilan Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi 1 348 ta nasos stansiyasining nomi davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirildi, 390 ta nasos stansiyasiga esa yangi nom berildi.

«Davlat tili haqida»gi va «Geografik ob’ektlarning nomlari to‘g‘risida»gi qonunlarga muvofiq qabul qilingan qaror nasos stansiyalarini nomlashda davlat tili talablariga rioya etish, ularning nomlarini rasmiy hujjatlar va kundalik ish yuritishda bir xil qo‘llashni ta’minlashga qaratilgan.

Yangi nom berilgan stansiyalar orasida «Perekachka», «Avangard», «Volchi», «Uchxoz», «Shitovoy» kabi nomlar bilan yuritilgan ob’ektlar ham bor. Endilikda ular hududning joy nomlari va o‘zbek tiliga mos nomlar bilan ataladi.

Jumladan, Toshkent viloyati Bekobod tumanidagi «Perekachka-1» va «Perekachka-2» nasos stansiyalari «Bekobod» va «Bekobod-2», «Avangard» — «Oltin vodiy», «Volchi» esa «To‘qayzor» deb nomlandi.

Andijon viloyati Marhamat tumanidagi «Uchxoz» nasos stansiyasiga «Bozorboshi», «Sigma-1k.» va «Sigma-2k.» stansiyalariga «Ravot» va «Ravot-2» nomlari berildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumanidagi «Shitovoy» — «Oqqum», «Ferma» — «Uzumbog‘», «Dacha» esa «Xalqobod» deb qayta nomlandi.

Shuningdek, harf va raqamlar birikmasi bilan yuritilgan ayrim stansiyalar ham yangi nom oldi. Masalan, Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi «M-4-M-4a» nasos stansiyasi «Turon», Nishon tumanidagi «M-1» esa «Guliston» deb nomlandi.

Qarorga ko‘ra, normativ-huquqiy hujjatlar, ish yuritish hujjatlari hamda xizmat yozishmalarida tasdiqlangan nomlardan foydalaniladi. Suv xo‘jaligi vazirligi Kadastr agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda tegishli hujjatlar va ma’lumotlar bazalariga o‘zgartirishlar kiritilishini ta’minlaydi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan hamkorlikda nasos stansiyalaridagi peshlavhalar hamda axborot ko‘rsatkichlaridagi yozuvlar ham davlat tili me’yorlariga muvofiq, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida rasmiylashtiriladi.

Kiritildi: Bugun 11:35. O'qildi: 193 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!