O‘zbekiston chempioni “Nasaf” ayollar jamoasi Osiyo Chempionlar Ligasi guruh bosqichini muvaffaqiyatli yakunlab, chorakfinalga yo‘llanma oldi.
Qarshiliklar guruh bosqichidagi uchta uchrashuvda ikkita g‘alaba qozonib, 6 ochko jamg‘ardi.
“Nasaf” “C” guruhida Avstraliyaning “Melburn Siti” va Xitoyning “Beijing Jingtan” jamoalari bilan bir xil ochko to‘pladi. Biroq o‘zaro uchrashuvlardagi ustunlik evaziga guruhda birinchi o‘rinni egalladi. Guruhdagi barcha uchrashuvlar Qarshi shahridagi “Markaziy” stadionida o‘tkazildi.
Shu tariqa, “Nasaf” guruh g‘olibi sifatida Osiyo Chempionlar Ligasining chorak final bosqichiga yo‘l oldi. Shuningdek, “Melburn Siti” 2-o‘rin bilan, “Beijing Jingtan” esa eng yaxshi 3-o‘rin egasi sifatida pley-offda o‘z ishtirokini davom ettiradi.
Musobaqaning chorak final bosqichi 27 va 28 mart kunlari o‘tkaziladi va 14 yanvar kuni qur’a tashlanadi. “Nasaf” uchrashuvni o‘z maydonida o‘tkazadi va “Hvacheon” (Janubiy Koreya), “Kobe Leonessa” (Yaponiya), “Beijing Jingtan” (Xitoy) yoki “Ist Bengal” (Hindiston) jamoalaridan biriga qarshi bahs olib boradi.
Ayollar Osiyo Chempionlar Ligasining yarimfinal va final uchrashuvlari may oyida bo‘lib o‘tadi.