AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) Eronning quruqlikdagi chegaralari va Kaspiy dengizi orqali qurol-yarog‘ tashilishining oldini olishga qaratilgan maxsus ishchi guruh tuzilganini ma’lum qildi.
Bu haqda CENTCOM ijtimoiy tarmoqdagi X sahifasida bayonot bergan.
Qayd etilishicha, tegishli buyruqni qo‘mondonlik rahbari, admiral Bred Kuper bergan. Yangi tuzilma «Temir darvozalar» (Iron Gate) deb nomlangan.
«Iron Gate tezkor guruhining tashkil etilishi Eronga qarshi dengiz blokadamiz muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini tasdiqlaydi. CENTCOMning AQShdagi idoralararo hamkorlar bilan hamkorligini kuchaytirish Eronning terrorizmni moliyalashtirish, qurol ishlab chiqarish zavodlarini tiklash va harbiy zaxiralarini to‘ldirish imkoniyatlarini yanada cheklashga xizmat qiladi», — dedi Kuper.
Taxminan 20 nafar fuqarolik va harbiy xodimdan iborat ishchi guruh Florida shtatidagi Tampa shahrida joylashadi. U zamonaviy qurol-yarog‘, ikki maqsadda qo‘llaniladigan texnologiyalar va sanksiya cheklovlari ostidagi materiallar yetkazib berilishini to‘sish maqsadida AQShning boshqa davlat idoralari bilan harakatlarni muvofiqlashtiradi.
Bundan tashqari, guruh faoliyati noqonuniy moliyaviy kanallarni aniqlash va ularning oldini olishga ham qaratilgan.