Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik tahdidlaridan himoya qilishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan qonun bilan Jinoyat kodeksiga “Aholi salomatligi va genofondiga qarshi jinoyatlar” nomli yangi bob kiritilmoqda.
Endilikda noqonuniy narkolaboratoriyalar tashkil etish, narkotiklar savdosiga rahnamolik qilish, bangixonalar tashkil etish kabi qilmishlar uchun alohida javobgarlik belgilanadi. Shuningdek, 10 dan ortiq xavfli jinoyatlar bo‘yicha jazo choralari kuchaytiriladi.
Taqdimotda “Narkotiklar va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar to‘g‘risida”gi yangi qonun loyihasi ham muhokama qilinib, unda giyohvandlikka qarshi kurashning 7 ta ustuvor yo‘nalishi, internet orqali sodir etilayotgan narkojinoyatlarga chek qo‘yish, yoshlar va xotin-qizlarda “giyohvandlikka qarshi immunitet”ni shakllantirish, profilaktika va reabilitasiya tizimini takomillashtirish masalalari nazarda tutilgani qayd etildi.
Shuningdek, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, voyaga yetmaganlarga transport vositalarini boshqarishga ruxsat berish oqibatida yuz berayotgan og‘ir holatlarning oldini olish va bu boradagi javobgarlikni kuchaytirish yuzasidan takliflar ham ma’qullandi.
Prezidentimiz giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashni zamon talablari asosida tashkil etish, yoshlarni ushbu illatdan asrash hamda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.