10 iyun kuni Andijon viloyati Marhamat tumanidagi markaziy poliklinikada insonlar o‘limiga sabab bo‘lgan fojia yuz berdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda dastlab poliklinika xodimi hojatxonani tozalash uchun chuqurga (kolodes) tushib ketgani aytiladi.
Kun.uz'ga ma’lum bo‘lishicha, Markaziy poliklinika hududida joylashgan tozalash inshooti – chiqindi suvlar to‘planish sig‘imi nasos agregatorini tozalash vaqtida 57 yoshli santexnik N.I. gazdan zaharlangan. Uni qutqarishga harakat qilgan yana 3 kishi – qorovul, elektrik va chiqindi mashinasi haydovchisi ham zaharlanib vafot etgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati Marhamatdagi holatda qutqaruvchilar 4 jasadni chiqarib olgani tasdiqladi.
Andijon viloyati IIB matbuot kotibi tez orada rasmiy munosabat berilishini ma’lum qildi.
Andijon viloyat hokimligining ma’lum qilishicha, Shuhrat Abdurahmonovning topshirig‘iga asosan voqea joyiga zudlik bilan viloyat hokimining ikki nafar o‘rinbosari yetib borgan.
«Vafot etganlarning har bir xonadoniga borilib, oila a’zolariga viloyat hokimi nomidan chuqur hamdardlik bildirildi hamda dafn marosimini tashkil etish bilan bog‘liq barcha tashkiliy masalalar hal etildi», deyiladi hokimlik xabarida.
Shuningdek, hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, vakolatli organlar tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
«Tergov natijalariga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi. Holat mutasaddi tashkilotlar tomonidan to‘liq nazoratga olingan», deya qo‘shimcha qilgan hokimlik.