O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatini tomosha qilish uchun AQSh va Meksikaga safar qilishni rejalashtirayotgan fuqarolarga murojaat bilan chiqdi.
TIV matbuot kotibi Omonulla Fayziyevning ta’kidlashicha, safar oldidan mezbon davlatlarning viza va migrasiya talablarini puxta o‘rganish, barcha zarur hujjatlarni o‘z vaqtida rasmiylashtirish hamda ularning amal qilish muddatini tekshirib qo‘yish lozim.
Shuningdek, pasport va boshqa muhim hujjatlarning asl nusxalari bilan bir qatorda ularning elektron va qog‘oz ko‘chirmalarini ham saqlash, mahalliy qonunchilik va jamoat tartibi qoidalariga qat’iy rioya qilish tavsiya etilgan.
Vazirlik fuqarolardan harakatlanish yo‘nalishlarini oldindan rejalashtirish, rasmiy transport va axborot xizmatlaridan foydalanish, odamlar gavjum joylarda ehtiyotkor bo‘lish hamda ruxsat etilmagan ommaviy tadbirlarda ishtirok etmaslikni so‘radi.
Favqulodda holatlar, hujjatlarni yo‘qotish yoki boshqa muammolar yuzaga kelganda mahalliy tezkor xizmatlar hamda O‘zbekistonning AQShdagi diplomatik vakolatxonalariga murojaat qilish tavsiya etildi.
TIV o‘zbekistonlik muxlislarni milliy terma jamoani munosib qo‘llab-quvvatlashga, mezbon mamlakatlar qonun-qoidalari, mahalliy an’ana va madaniyatiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga chaqirdi.
Vazirlik ta’kidlashicha, Jahon chempionati kabi yirik xalqaro musobaqalar davrida O‘zbekiston va uning fuqarolariga bo‘lgan e’tibor ortadi. Shu sababli har bir vatandosh xorijda nafaqat muxlis, balki mamlakatning munosib vakili sifatida ham o‘zini namoyon etishi muhim hisoblanadi.