Bugun 7 may, 2025 yil, chorshanba

КИР

Muslimalarga qarshi urush

Muslimalarga qarshi urush

Islom lashkari o‘rta yer dengizi mamlakatlarini fath qilgan kun buyuk va baxtli kun bo‘ldi. Musulmonlarning shodlikdan ko‘zlari yoshlarga to‘ldi. Alloh ularga kutmagan joylaridan nusrat va g‘alaba nasib etgan edi...

Biroq, Islom lashkari xursand bo‘layotgan bir paytda, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sahobalaridan biri Abu Dardo roziyallohu anhu achchiq ko‘z yoshi to‘kardilar. Odamlar u zotning oldilariga kelib “Ey Abu Dardo! Nima uchun yig‘laysiz? Alloh bizga nusrat berdi. Alloh bizga yangi yerlarni fath qilib berdi!” deyishdi. Abu Dardo shunday javob berdilar: “Bu kishilar Allohga osiy bo‘ldilar, shuning uchun Alloh bizni ulardan ustun qildi. Lekin men qo‘rqamanki, bir kun kelib, biz ham Allohga osiy bo‘lsak, Alloh ularni bizdan ustun qilishi mumkin!”.

Afsuski, o‘sha kun keldi. Ey iymon keltirganlar! Bugungi kunda musulmonlar ikki yo‘l oldida turib qoldilar. Tarixda bunday ziddiyatlar bir necha marta sodir bo‘lgan: shunday qudratli ummat, shunday salohiyat, shuncha yosh, baquvvat, chiniqqan erkaklar, oqila, kuchli ayollar bo‘la turib, baribir… shu qadar mag‘lubiyat, shu qadar haqorat…

Ummat o‘smoqda, biz olg‘a qadam tashlayapmiz, shuning uchun ham ko‘pchilik bu ziddiyatni tushuna olmaydi. Bizga xolis tahlil kerak. Keling, ochiqchasiga gaplashaylik. Men hozir islom olimi sifatida emas, biror bir harakatning rahbari yoki muftiy sifatida emas, balki Islomga kirganiga 20 yil bo‘lgan, real muammolarni ko‘rib turgan, ular bilan birga yashayotgan oddiy birodaringiz sifatida gapirmoqchiman.

Tarixga nazar solib, musulmonlarning bugungi ahvoliga bir qaraylik. Men najotning Alloh Taoloning ushbu so‘zlarida ko‘raman: “Ey iymon keltirganlar! Allohga bo‘ysuninglar va to‘g‘ri so‘zlanglar. U amallaringizni to‘g‘rilaydi va xatolaringizni kechiradi. Va Allohga va Uning Rasuliga iymon keltirganlar sinovga duchor qilinadilar”.

Men Sizga aqlim bilan emas, qalbim bilan murojaat qilaman. Keling, mansab, lavozimga qarab emas, birodarlardek, aka-singillardek, bir oilaning farzandlaridek suhbat qilaylik.

Hozir ajablanarli bir hodisani kuzatish mumkin. Ba’zi hollarda musulmonlar ma’lum vaqt davomida g‘alaba qozonmoqdalar. Biroq, hamma gap g‘alabadan keyin nima qilish kerakligida ekan (biz bu haqda jiddiy o‘ylab ko‘rishimiz kerak). Dushman mag‘lub bo‘lgach, biz o‘z-o‘zimiz bilan yolg‘iz qolyapmiz. Ana shunda haqiqiy urush boshlanyapti.

G‘arb matbuoti va tarix darsliklari Islom va unga ergashganlarni dushman bilib, ularga tez-tez hujum qilib tursa ham, fitnalar chiqarib, sivilizasiyalarni bir-biriga gij-gijlab tursa ham, ular butun kuchlarini muslima ayollarga qaratib, hijobda yurganlari uchun ularga tajovuz qilsalar ham, men aniq ishonamanki, biz avval aybni o‘zimizdan, ichki dunyomizdan qidirishimiz lozim.

Alloh Taolo shunday marhamat qiladi: “O‘zingiz o‘zgarmaguningizcha, Alloh Taolo sizlarni hargiz o‘zgartirmaydi”.

Bir paytlar Alloh Taolo bizga nusrat, kuch-quvvat bergan, bizni zaiflarning homiysi qilgan edi, biz esa zimmamizdagi majburiyatlarni unutib qo‘ydik. Shuning uchun bizning muvaffaqiyatimiz rohat o‘rniga g‘am-alam olib keldi. Shuning uchun ham biz qalbimizga nazar solishimiz lozim. Men bugun pardalarni biroz ochib, ijozatingiz bilan xonadoningizga, shaxsiy hayotimizga - Islomda erkak va ayol o‘rtasidagi munosabatlar nazar solmoqchiman, chunki oila – Islomning asosidir. Agar bizning uyimiz, masjidlarni qo‘llab-quvvatlab turuvchi, jamoatimizning harakatlantiruvchi kuchi bo‘lgan uyimiz mustahkam bo‘lmasa, demak kelajagimiz ham yo‘qdir.

Agar oila kuchli bo‘lmasa, farzandlar ham kuchli bo‘lmaydilar. Agar farzandlar kuchli bo‘lmasalar, kelgusida bizda yaxshi rahbarlar yetishib chiqmaydi.

Endi bir narsani ochiqchasiga tan olaylik. Biz Allohni unutib qo‘ydik!

Bir musulmon mamlakatda safarda bo‘ldim (qaysi mamlakatligini aytmayman). Menga dindoshlarim hamroh bo‘lishdi.

Bir kuni bir madrasaning oldidan o‘tib qoldik. Men talabalarning Qur’on o‘qishni, tafsir va hadislarni o‘rganayotganlarini ko‘rib, yonimdagilardan so‘radim: “Bu yerda kimlar o‘qiydi?” Ular “O‘g‘il bolalar” deyishdi.

– Qizlar uchun ham maktablar bormi? – so‘radim men.

– E yo‘q, yo‘q, Abdulloh birodarim! Ular qanchalik ko‘p bilsa, boshimizda shuncha ko‘p muammo bo‘ladi!

Ular menga shunday javob berishdi. To‘xtang! Bu qanday din o‘zi? Nimalar deyapsiz axir!?

Alloh Taolo bizga har doim “Ey iymon keltirganlar!” deb murojaat qiladi. Mening fikrimcha, bu yerda erkaklar ham, ayollar ham nazarda tutiladi. Har qanday oyat va hadis erkaklarga ham, ayollarga ham taalluqli bo‘ladi.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizga: “Ilm talab qilish farzdir” deb marhamat qilganlarida muslimlarni ham, muslimalarni ham nazarda tutganlar.

Bu qanday din o‘zi? Oisha onamiz roziyallohu anho, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning zavjai mutohharalari 2210 ta hadis rivoyat qilganlar. Shuningdek, bu zoti muhtarama o‘sha paytning yetuk olimalaridan biri bo‘lganlar. Buyuk sahobai kiromlar ham Oisha onamiz roziyallohu anhodan savol va maslahat so‘rab turganlar.

Mashhur roviy Ibn Asokir mo‘’tabar allomalar sifatida 80 ta ayolni sanab ko‘rsatganlar. Imom As-Suyutiy hazratlari ham bir necha ayollarni bilimlar zanjirining e’tiborli bo‘g‘inlaridan deb bilganlar, ularga murojaat qilib turganlar, ba’zilarini esa hatto hadis va tafsir ilmida o‘zlaridan ustun ko‘rganlar. Fotima binti Molik ibn Anas roziyallohu anho ham mashhur arbob bo‘lganlar. Bu ro‘yxatni to‘xtamay davom ettiraverish mumkin…

Islom insonni yuksaltiradi. Musulmonlarning birinchi, ikkinchi va uchinchi avlodida shunday bo‘ldi. Islom haqqi, ayting-chi, nima uchun biz bugungi kunga kelib bilan insonlarni past ko‘ryapmiz? Biz Allohni unutib qo‘ydik!

Bir musulmon mamlakatida ayollar shunday deydilar (qaysi mamlakatligini aytmayman, bir xalq boshqasiga dushman bo‘lib qolmasin): “Bizga agar ering urib turmasa, Jannatga kirmaysan, deb o‘rgatishgan”.

Bu qanday din o‘zi? Siz qaysi sunnatni aytyapsiz? Rasululloh sollallohu alayhi va sallam zavjai mutohharalarini biror marta urmaganlar. O‘z yaqinlaringizni, oila a’zolaringizni qanday qilib xorlash, haqoratlash, urish mumkin? Qanday qilib? Islom haqqi, Allohdan qo‘rqaman, deb turgan er qanday qilib ayol kishini urishi mumkin?

Ha, Qur’onda, “Niso” surasida Allohning qonunlarini buzgan, haddidan oshgan ayol kishini yengil shapatilab qo‘yish mumkin, degan ma’nodagi oyati karima bor, bunga shubha yo‘q. Biroq, bungacha ayolga nasihat qilish, undan alohida yotish, ikki tomondagi qarindoshlarni chaqirib, maslahat berish kerak-ku! Shundan keyingina yengil shapati urishga ruxsat beriladi. Biroq, muhtaram erkaklar, ayting-chi, orangizda jahl ustida faqat yengil shapati urib qo‘ya oladiganlar bormi?

Keling, birodarlar, haqiqatning ko‘ziga tik qaraylik. Men bu savolni o‘zimga ham beraman. Qaysi birimiz jahl otiga minib turgan paytda yengil shapati bera olamiz? Masalan, ro‘molcha yoki misvok bilan… Yo‘q, ko‘pchilik birodarlarimiz naq Mayk Tayson bo‘lib ketadilar. Biroq, bu Islomga yot va zid narsadir.

Meni hayron qoldirgan narsa shuki, cho‘chqa go‘shti yeydigan Islomning dushmanlari qanday qilib bizni yenga oldilar, bizdan ustun bo‘la oldilar? Islomdaman, deb yurganlarga nima bo‘lgan o‘zi? Buning zamirida qanday sir bor? Biz qanday duoibadga uchradik o‘zi?

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Mazlumning duosidan qo‘rqinglar” deb marhamat qilganlar. Mazlum kishining duosi bilan Alloh Taoloning o‘rtasida parda bo‘lmaydi. Agar ayol zulmga uchrasa, yig‘lab, qo‘llarini ko‘tarib, Allohga yolvorsa va bizni, meni yoki sizni qarg‘asa, tamom bo‘ldik, birodarlar. Sho‘rimiz quriydi… Biz Allohni unutib qo‘ydik!

Men bir necha yil Kanadada xuddi bu yerda, Avstraliyadagi siznikiga o‘xshash bir jamoatga imom bo‘ldim va jiddiy muammolarimiz borligini ko‘rdim. Pardalar ko‘tarilgach esa, uning ortida nimalar borligi ko‘rindi. Biz uylarimizda aslida nimalar sodir bo‘layotganligini ko‘rdik. Biz Alloh Subhanahu va Taoloni unutib qo‘yibmiz!

Bizning jamoatlarda muallaqa deb ataladigan hodisa ham uchrab turar ekan, bunda ayol yo oilali bo‘lmay, yo eridan ajrala olmay, arosatda qolib ketadi. Afsuski, bu narsa ko‘p uchrar ekan. Masalan, er uydan ketadi, xotinini xafa qiladi, zimmasidagi nafaqalarni ado etmaydi (ayolni uy-joy, oziq-ovqat, kiyim-bosh va shu kabilar bilan ta’minlamaydi), yana buning ustiga “Men endi uni boqmayman, lekin talog‘ini ham bermayman” deydi. Xo‘sh, bu bechora ayol endi qiyomatgacha ana shunday arosatda yuraverishi kerakmi?

Bu narsa qayerdan paydo bo‘ldi? Men buni surishtirib, aniqladim. Ochiqchasiga aytadigan bo‘lsam, ortodoksal yahudiylarda shunday narsa bor ekan – erkak kishi nikohni bekor qiluvchi so‘zni aytmaguncha ayol o‘z ixtiyori bilan nikohdan chiqa olmas ekan. Vaziyat qanday bo‘lsa ham, erkak kishi nima qilsa ham, u haqmi, nohaqmi, baribir bu so‘zni faqat erkak kishi aytishi mumkin ekan.

Bu g‘oya qandaydir yo‘l bilan bizning miyamizga o‘rnashib qolibdi. Ko‘pchilik erkaklar nikoh faqat erning taloq aytishi bilangina bekor bo‘ladi, deb o‘ylaydilar. Biroq, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o‘rnatgan qoidalarga ko‘ra, ayol kishi ham o‘z ixtiyori bilan nikohdan chiqishi mumkin. Barcha fiqh olimlari sunnatda ochiq-oydin ko‘rsatib berilgan bu masala bo‘yicha ittifoq qilganlar.

Bu “taloq” so‘zi… Bu so‘z ba’zan og‘zimizning bir chetidan chiqib ketadi. Erlar jahl ustida “Taloqsan, taloqsan…” deydilar… Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bu so‘zni eshitsalar, g‘azablari kelar edi. Agar Siz bu so‘zni ko‘p aytsangiz, demak johiliyat davrining, ilmsizlik, johillik davrining odami ekansiz.

Taloq – bu juda jiddiy so‘zdir. Hatto Siz uni hazillashib aytsangiz ham! Bu bilan o‘ynashib bo‘lmaydi. Biroq, bu so‘zni ayollarni qo‘rquvda tutib turish uchun, ularni shantaj qilish uchun aytaveramiz. Hazrati Umar ibn Xattob roziyallohu anhu shunday degan edilar: “Biz johiliyatda edik. Alloh Taoloning bizga yuborgan narsasi ochilmaguncha, Alloh bizga uni taqsimlamaguncha, biz ayollarga hech qanday huquq bermas edik”.

Islomning dastlabki vazifasi – insonlarni ozodlikka, hurlikka chiqarish edi. Ayollarga nisbatan esa: hech bir mafkura, hech bir siyosiy harakat, hech bir armiya, hech bir sivilizasiya, hech bir madaniyat ayollarga Islom bergan huquqlarni bermagan edi.

Ayollar tiriklay ko‘milar, endigina tug‘ilgan qizchalar o‘ldirib yuborilar edi. Barcha jamiyatlarda, shu jumladan Yevropada ham ayollarda hech qanday haq-huquq yo‘q edi. Ular cho‘ri edilar, bozorlarda sotilar, sotib olinar edilar. Ular haqsiz edilar, o‘lib ketaverar edilar. Biroq, Islom kelgach, ayollar qonuniy huquqlarga ega bo‘ldilar.

Erkaklarga yoqsa-yoqmasa, ayolda ham qalb, ruh borligi ochiqdan-ochiq e’lon qilindi.

Alloh Taolo shunday marhamat qiladi: “Har bir nafs o‘z amallari uchun mas’uldir”

Ko‘pchilik hayron qolsa kerak, lekin nasroniy cherkovi yigirmanchi asrda o‘rtaga shunday savol tashlagan edi: “Ayolda qalb bormi?”. Bu savolga hamma ham ijobiy javob bera olmagan.

Islom ayolga mulkka egalik qilish huquqini ham berdi. Ayol o‘z mol-mulkiga egalik qilishi mumkin. Shuningdek, nikohda kuyov kelinga beradigan to‘y sovg‘asi – mahr ham ma’lum bir qiymatga ega bo‘lishi shart qilib qo‘yildi. Mahr ramziy yoki oddiy sovg‘a emas, kelinning otasiga beriladigan pora ham emas. Mahr – ayolning qonuniy mulkidir. Bu huquqni ayolga Islom bergan ekan, uni hech kim bekor qila olmaydi. Masalan, ayol kishi bankda o‘z hisobini ochish huquqiga egadir va hokazo.

Hayronmisiz, birodarlar? “O, sevgilim, aqlligim, pullarni mening hisobiga o‘tkazib qo‘y!” Eeee, yo‘q! Ayolingizning o‘z hisob raqamini ochishga haqqi bor. Ba’zilar esa buni bilmaydilar.

Ayol qandaydir ishlarni mustaqil olib borish huquqiga ham egadir. Va agar, Alloh asrasin, biror kor-hol yuz bersa, yoki nikoh buzilsa, ayolga tegishli mol-mulk unga iqtisodiy jihatdan mustaqil bo‘lishga imkon beradi, ya’ni ayol batamom eriga qaram bo‘lib qolmaydi. Islom Yevropadagi ozodlik harakatidan ancha avval ayollarga ana shunday huquqlar bergan edi.

Shuningdek, nikohlanayotgan ayol erining ismi-sharifini olishga ham majbur emas. Uning o‘z ota-onasi bor.

Ikki shaxs, ikki teng huquqli tomon nikohdan o‘tadi. Er-xotin degani ko‘pchilik tushungandek, xo‘jayin va qul emas, balki ikki hamkor bo‘lishi, bir-birini to‘ldirishi, bir-biriga qarshi kurashmasligi, adovatda bo‘lmasligi lozim. Biroq, biz Allohni unutib qo‘yganmiz!

Hatto islomiy harakatlarda ham quyidagi holatlar kuzatilmoqda: ko‘pchilik erkaklar Islomga qanchalik ko‘p amal qilinsa, ayolni shunchalik ko‘proq bo‘ysundirish, uyga qamash, og‘zini ochirmay qo‘yish, tanbeh berish, uning aql-zakovatini va tashabbuslarini jilovlab qo‘yish kerak deb tushunadilar. Ular buni Islomdan deb biladilar. Men erkaklar bilan ayollarni teng ko‘rishni nazarda tutmayapman, bu narsa Islomda tabiiy hol. Men ko‘pchilik bilgan boshqa narsalarni nazarda tutyapman.

Biroq Alloh Taolo ayolga ta’lim olish huquqini berdi. Bu huquqni ularga biz berganimiz yo‘q!

Endi esa kelib chiqishi afrikalik bo‘lgan amerikaliklar o‘rtasida, shuningdek, ularning ichida yurgan va Islomni qabul qilayotganlarning ahvolini bir ko‘rib qo‘ying. Ayollar qullik davrida oilaning markazi bo‘lganlar.

Ularning ko‘pchiligi o‘z otalarini eslay olmaydilar, chunki quldorlik tuzumida erkaklar ko‘p nobud bo‘lar, oqibatda ular ichkilikka berilib, o‘lib ketar edilar.

Buni qarangki, inson Islomni qabul qiladi, so‘ng esa nima uchundir xotinini haqoratlashga tushadi, vaholanki unga barcha qonun-qoidalarni o‘sha ayol o‘rgatgan bo‘ladi.

Xo‘sh, nima uchun endi Islomga kirganingizda ayolni past ko‘rasiz? Islom bizga buni o‘rgatmaydi, chunki Islom – insonning hurriyatidir. Biz yagona Allohning qullari, uning xizmatkorlarimiz, bizni boshqa hech kim va hech narsa haqoratlashi kerak emas.

Endi esa erkak va ayolning o‘rtasidagi tafovut konsepsiyasini tahlil qilib ko‘raylik. Men to‘g‘ridan-to‘g‘ri gapiraman.

Bizga nima bo‘lyapti o‘zi? Ba’zan, fuqarolar o‘rtasida ikkinchi tabaqani ham hosil qilib qo‘yamiz. Agar birinchi tabaqani bir tomonga, ikkinchi tabaqani ikkinchi tomonga ajratiladigan bo‘lsa, bu islomiy taqsimot emas.

Biz, erkaklar va ayollar, Allohning kalomini baravar tinglaymiz. Biz Islomning hamma jihatlarini baravar o‘rganamiz. Mana shu islomiy konsepsiya bo‘ladi.

Ko‘pincha, ilmiy anjumanlarda musulmon birodarlarimiz fiqh, aqida, tafsirni muhokama qiladilar, Islom tarixi haqida so‘z yuritadilar. Muslima birodarlarimiz to‘planishganda esa “Ovqatni kim pishiradi?”, “Erkak va ayollarning majburiyatlari nima?” degan masalalarni muhokama qiladilar. E’tibor bering: ayollarning huquqlari emas, majburiyatlari! Yana bu yigirma birinchi asrda!

Ko‘pchilik mamlakatlarda masjidlarga kirsangiz, erkaklar tomonda toza gilamlar to‘shalgan, hammayoq saranjom-sarishta, ayollar tomonda esa qurt-qumursqalar o‘rmalaydi, tom qulab tushay deb turigan bo‘ladi.

Bir kuni Marokashga bordim. Menga yoqqan narsa shu bo‘ldiki, ayollar uchun ham erkaklarnikiga o‘xshagan tahoratxona qilib qo‘yilibdi. Ayollarga alohida xona qilib, bemalol namoz o‘qishlari uchun sharoit qilib qo‘yilibdi. Ularga uyda bo‘lmagan paytlarida Alloh Taologa ibodat qilishga imkoniyat yaratib qo‘yilibdi. Xullas, biz nazarda tutayotgan ajratish cheklab qo‘yishga (izolyasiyaga) aylanib qolmasligi kerak. Bu narsalarning katta farqi bor.

Keling, biz duch kelgan bu muammoni, bu inqirozni vijdonan ko‘rib chiqaylik. Keling, xolis bo‘laylik. Axir, biz jamiyatni o‘zgartirishimiz mumkin. Agar ayol ma’lumotli bo‘lsa, demak butun oila ham ma’lumotli bo‘ladi. Agar erkak ma’lumotli bo‘lsa, uning yolg‘iz o‘zigina ma’lumotli bo‘lib qolaveradi. Agar ona Islom haqida hech narsa bilmasa, bolalar Islomga qanday mehr qo‘yadilar?

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ayollarga ma’lum bir huquqlar berdilar. Biz ularni ana shu huquqlardan mahrum qila olamizmi?

Birinchidan, biz hammamiz, har birimiz taqvo darajamizni yuksaltirishimiz kerak. Ayniqsa, erkak birodarlar. Men buni samimiy aytaman, chunki yelkamizda ulkan sinov turibdi.

Endi erkaklar ayollarga nisbatan yomonroq munosabatda bo‘layotgan ko‘pchilik musulmon mamlakatlardagi jamiyatlarga bir nazar tashlaylik. Ular o‘zlariga nisbatan qanday munosabatda ekanligini bir kuzatib ko‘raylik-chi. Diqqat qiling (!) – erkaklar ayollarga yomon munosabatda bo‘ladigan mamlakatlarda ular bir-birlariga ham juda yomon munosabatda ekan! U yerlardagi erkaklar o‘zaro munosabatlarda ham hech chiqisha olmaydilar. Bir zumda jahllari chiqib, g‘azab otiga minib oladilar.

Nima uchun ular bunday? Bu olovni o‘chirish uchun suv kerak. Bu yerda ayol kerak, biz jamoatning manfaati uchun biror qaror qabul qilayotganimizda ayolning fikri yordam beradi, u olovni so‘ndiradi.

Amerikaga birinchilardan borib, joylashgan aholi dastlabki uylarni qura boshlaganda ular o‘z-o‘zlariga “Uch avloddan keyin nima bo‘ladi?” degan savolni berganlar. Ular faqat o‘sha paytnigina o‘ylamaganlar. Uyni daryoning bu qirg‘og‘iga qursak, yana uch avloddan keyin nima bo‘ladi? Ular o‘z oilalarining, kelajakning, millatning g‘amini yeganlar, faqat o‘zlarini, izzat-nafslarini emas…

Allohdan qo‘rqaylik, axir!

Ikkinchidan, biz o‘z xarakterimizga, axloqimizga e’tibor berishimiz kerak. Biz urf-odatlarga ko‘proq e’tibor beryapmiz, lekin Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning “Men karamli axloqlarni kamoliga yetkazish uchun yuborildim” degan so‘zlarini unutib qo‘yyapmiz.

Shuning uchun o‘z hulqimizga, shuningdek, o‘zaro munosabatlarimizga ko‘proq e’tibor berishimiz lozim.

Eslang, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam atrofdagilar bilan qanday muomala qilar edilar – talabchan edilar, biroq har doim yumshoq tabiat bo‘lar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam kechirimli edilar, doim birlikka, vazminlikka intilardilar. Bizning xulqimiz ham ana shunday bo‘lishi kerak: boshqalarni kechirishimiz, bir-birimizga do‘stona qo‘l uzatishimiz, birlashishimiz lozim.

Dushman bizga tajovuz qilyapti, kecha-kunduz reja tuzyapti. Biz o‘zaro munosabatlarimizga, mehr-oqibatga ko‘proq e’tibor berishimiz kerak: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z ahli ayollariga qanday munosabatda bo‘lganlar? Musulmonlar bir-birlariga qanday munosabatda bo‘lganlar?

Uchinchidan: “erkak” tushunchasi va “ayol” tushunchasi konsepsiyasini o‘zgartirish kerak. Islomda erkak kim o‘zi? Islomda ayol kim? Bizda ustunlik, peshqadamlik haqida noto‘g‘ri konsepsiya shakllanib qolgan. Ko‘pchilik vaziyatlarda iyerarxiya muammolariga duch kelyapmiz. Biz iyerarxiyani hamkorlikka qarama-qarshi qo‘yyapmiz. Natijada rahbar boshqalardan yuqori va alohida imtiyozlarga ega bo‘lib qolyapti. U qolganlar yuqoridan nazar tashlaydi va buyruqlar beradi. Uning unvonlari qancha ko‘p bo‘lsa, u shuncha ko‘p hokimiyat va pulga ega bo‘ladi. Bu narsa nafaqat korxona va tashkilotlarimizga, balki oilalarimizga ham taalluqlidir.

U tomonda esa hamkorlik: musulmonlar bir-birlarini to‘ldiradilar. Rivoyat qilishlaricha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam juda kamtar inson bo‘lganlar. Madinaga kelgan kishilar avvaliga qo‘rquvdan qaltirab turishar, biroq u Zot sollallohu alayhi va sallam bilan uchrashgach, endi ajralishni istamay qolardilar. Bir kuni bir kishi kelib, to‘planganlardan: “Sizlarning qaysi biringiz Payg‘ambarsiz (sollallohu alayhi va sallam)” deb so‘ragan ekan. Uni ajablantirgan narsa shuki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam taxtda o‘tirmas edilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam kirib kelsalar, o‘tirganlar sakrab turar, biroq Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ularga o‘tirishni buyurar, shundan keyingina ular bilan qo‘l berib ko‘rishar edilar.

Endi Islom dunyosining bugungi peshvolariga bir qarang. Agar ular o‘z idoralaridan chiqib, boshqa bir joyga boradigan bo‘lsalar, ikki kun oldin polisiya mashinalari hammayoqqa shovqin sola boshlaydilar. U kishi chiqib, jum’a kuni jome’ga kirsalar, hamma surilib, hammaning ko‘z o‘ngida bemalol namoz o‘qib olishlari uchun u zotga joy ochadi.

Hamkorlikka intilish – haqiqiy rahbarning sifati ana shudir. U tunda ham, qavmi uxlab yotganda ham ular haqda o‘ylashi kerak.

Bizga haqiqiy namuna – Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning janglarda o‘zlarini tutishlaridir. Dushmandan biroz cho‘chigan musulmonlar u zotning yonlarida nafas rostlar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam har doim o‘z birodarlari bilan yonma-yon edilar, qayerdadir orqaroqda emas, aynan yonma-yon, ular bilan yelkama-elka edilar, har qanday dardni ular bilan birga chekardilar. Haqiqiy rahbar ana shunday bo‘ladi! Shuning uchun ham iyerarxiya bir tomonda, rahbarlik boshqa tomondadir.

Bizning uylarimizda ham shundaymi? Bu - hal qiluvchi muammodir. Biz bu muammoni hal qila olamiz. Oilalarimizdagi ko‘pgina muammolarni hal qilish mumkin. Hech bo‘lmaganda, “tonnelning oxiridagi yorug‘likni” ko‘rish mumkin. Faqat o‘zaro yordam va hamjihatlik kerak.

Uydagi amir, uydagi rahbar. Ha, u – amir, ya’ni oila boshlig‘i. Biroq, “amir” degan so‘z nimani anglatadi? U diktator bo‘lishi kerak emas! Agar xotini haq bo‘lsa, u “Alhamdulillah. Sen haqsan” deydi. Biroq, afsuski, odatda bunday bo‘lmaydi. U buyruq beradi. Ishxonadan turib, uyga qo‘ng‘iroq qiladi: “Kechqurunga shilpildoq qil. Yo‘q! Hech qanaqa osh qilmaysan!” va “qars” etib telefon go‘shagini uloqtiradi. Balki uyda un qolmagandir! Shuning uchun xotini osh qiladi. Er uyga kelgach, esa janjal boshlanadi: “Men nima degandim?!...”

G‘arbiy Afrikalik mashhur Islom olimi shayx Usmon dan Fodio ayollarga qarata nima deganlarini unutmaylik: “Agar eringiz Sizga uyda ilm bermasa, Alloh Taolo esa ilm talab qilishni farz deb tursa, lekin Siz eringizga ergashsangiz, Allohga osiy bo‘lasiz! Men har kuni shomdan keyin to‘garak olib boraman. Agar uyingizda Sizga ilm berishmasa, bizning to‘garakka keling!”

Bu narsaning haqiqat ekanligi juda qayg‘ulidir. Bir birodarimiz Islomni qabul qilibdi, so‘ng bir muslimaga uylanibdi. Kelin kollejda o‘qir, hadis, Qur’on o‘rganar ekanlar. Qachon ular o‘rtasida biroz tortishuv bo‘lib qolsa, kelin ketma-ket hadislarni keltirar, shariatdan dalillar keltirib, ularni qatorlashtirib “yog‘dirib” tashlar ekanlar. Oxiri bir kun erining toqati toq bo‘lib: “Etar o‘qiganing! Endi ruxsat bermayman!” deb qichqiribdi. Shundan keyin o‘zi hadislarni o‘rganishni boshlabdi.

Lekin bu yaxshi emas, birodarlar! Yaxshi emas! Agar rafiqangiz hadislarni bilsa, Sizni ham jahannamdan saqlab qoladi-ku! Shuning uchun, hamjihatlik va yana bir marta hamjihatlik deyman. Ayolning sifatlari erkakning sifatlarini to‘ldiradi.

Men muslima birodarlarimizga ham murojaat qilaman. Bu muammo faqat erkak birodarlargagina xos emas. Masalan, erkak xato qilib qo‘ysa yoki ishdan bo‘shasa, juda omonat ahvolda qoladi. Ana shu vaziyatda xotin erga qanday munosabatda bo‘ladi? Urishadi-a? Ko‘pincha ayollar shunday deydilar: “Eh, landavur, eplovsiz… O‘zingizga bir qarang! Pul topishni ham eplolmaysiz! Erkakmisiz o‘zi?!” Shundan keyin erkak o‘zini qanday his qilsin? Ayol uning juda nozik joyiga tegdi. Ayollar turli sirlarni va makr-hiylalarni biladilar.

Xadicha onamiz roziyallohu anho nima qilgan edilar? Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ilk vahiy kelganda g‘ordan qo‘rquvdan titrab-qaqshab kelgan edilar. Hazrati Jibriyl u zotga: “Iqro! Iqro! (O‘qi)” degan edilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dastlab buning buyuk vahiyning boshlanishi ekanligini bilmagan edilar. Insonning aqli bovar qilmaydigan dahshatli qudrat bevosita u Zotga murojaat qilgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam titrar, qo‘rqib ketgan edilar. Xadicha onamiz roziyallohu anho esa Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni yotqizib, ustlarini issiq o‘rab qo‘ydilar.

Xadicha onamiz roziyallohu anho u Zotdan gina qilmadilar, mazax qilmadilar. Onamiz u Zotga ishonar edilar. Onamiz oqilalik qildilar. Va Islomni mustahkamladilar. Birinchi bo‘lib iymon keltirdilar.

Haqiqiy muslima ana shunday bo‘ladi. Agar erkakning zaif tomonini topib olib, uni pastga ursangiz, keyin undan yaxshi muomala kutmang. Bunaqasi ketmaydi. Hamjihatlik qilish kerak.

Ikki tomon bir-biri bilan futbol komandasi a’zolaridek hamjihat bo‘lishi kerak: biri (baquvvatrog‘i) – o‘rtada, qolganlar – chekkada, ular to‘pni uzatadilar, qolganlar qabul qilib oladilar – hamma bir-biriga yordam beradi. Musulmon oila ana shunday bo‘ladi. Agar buni anglab, tushunib yetsak, oilada kim boshliq bo‘ladi, kim qaror qabul qiladi, degan muammolar hal bo‘lib, hamma narsa o‘z o‘rniga tushadi. Ana shunda Alloh Taolo erkaklarga ustunlikni kuchli yoki balandroq bo‘lganligi uchun emas, balki mas’uliyati ko‘proq bo‘lganligi, Qiyomat Kunida Alloh Taoloning oldida o‘z ahli haqida so‘ralishi tufayli berganligini ko‘ramiz.

Yana bir taklif – biror qiyinchilikka, jiddiy muammoga uchraganlarga yordam ko‘rsatadigan, “qo‘llab-quvvatlash mexanizmi” deb ataladigan maxsus muassasalar tashkil qilish kerak. Bizga ijtimoiy tashkilotlar kerak.

Men besh yil davomida Torontodagi ulkan jome’ masjidining imomi bo‘ldim. Bizga murojaat qilgan kishilarning savollari kamdan-kam fiqh yoki aqida masalasida bo‘lar edi. Asosiy savollar iqtisodiy, ruhiy va ijtimoiy muammolar bilan bog‘liq edi. Menga yordam kerak edi. Men bu sohalarda kuchli emas edim, bunday muammolarni hal qilish yo‘llarini o‘rgata olmas edim.

Ko‘pchilik jamoatlarda ba’zi kishilar oqko‘ngillik bilan bu muammolarning barchasini o‘z yelkalariga olishga, imkoni yo‘q narsaga urinadilar. Vaholanki, bu muammolarning har bir alohida, individual ravishda hal qilinishi kerak. Buning uchun har bir sohaning o‘z mutaxassislari kerak.

Biz qiyin vaziyatda qolgan odamlar qo‘ng‘iroq qilib, yordam olishlari uchun ijtimoiy markaz va “doimiy qo‘ng‘iroq liniyasi” tashkil qildik. Ikki yildan so‘ng bizga yiliga 5000 kishi murojaat qiladigan bo‘ldi. Biz birorta qo‘ng‘iroqni e’tiborsiz qoldirmadik.

Ijtimoiy markazda imomlar shifokorlar, advokatlar, ijtimoiy xodimlar, ruhshunoslar bilan hamkorlik qilar edilar. Bizda o‘z mintaqamizdagi barcha musulmon mutaxassislarning ma’lumotlari kiritilgan baza bor edi. Agar bir kishi narkotiklar bilan bog‘liq muammoga duch kelsa, detoksikasiya bo‘yicha mutaxassisni topardik; asablari charchagan kishilar murojaat qilsa, psixologga qo‘ng‘iroq qilardik; iqtisodiy muammolar bo‘lsa, hukumat organlarida ishlaydigan yoki badavlat birodarimizga, huquqiy muammolar bilan esa advokatga murojaat qilardik.

Kishilar bunday markazga qo‘ng‘iroq qilsalar, ularga shu sohasining mutaxassisi javob berardi. Mutaxassis qiyin ahvolda qolgan kishi bilan qanday muomala qilishni bilardi. U o‘z sohasidagi butun mahoratini ishga solib, vaziyatdan chiqish yo‘llarini topishga muvaffaq bo‘lardi. Biroq, muammoni shariat doirasida hal qilish uchun bu mutaxassis masjidning imomi bilan bamaslahat ish olib borardi.

Biz gung-soqov birodarlarimiz uchun ham sinf tashkil qildik. Islomiy ma’ruzalar o‘qilganda barmoq bilan gapirishni biladigan mutaxassis ham taklif qilinar, u ma’ruzani gung-soqovlarga tarjima qilib borardi. Allohning kalomini hammaga yetkazishimiz zarur.

Jamoatimiz inqirozli vaziyatiga tushib qolgan, biroq, biz yashayotgan jamiyat ham inqirozdadir. Biz zo‘ravonlikka, irqchilikka qarshi dasturlarni, yoshlarni ish bilan ta’minlash, rivojlantirish, turli to‘garaklar, sog‘liqni saqlash va o‘quv dasturlarini ishlab chiqishimiz kerak.

Muslima birodarlarimizni ham jalb qilish kerak. Ular faqat kitob o‘qish bilan cheklanib qolmasliklari kerak. Muslimalar ham ma’lum bir ko‘nikmalarni egallashlari kerak. Biz ma’lumot olayotganimizda, Islomni tabiiy ravishda joriy qilayotgan, unga amal qilayotgan bo‘lamiz.

Masalan, muslima opa-singillarimiz sport bilan ham shug‘ulanishlari kerak. Balki, hayron bo‘layotgandirsiz? Torontoda nimalar bo‘lganini bilmaysiz-da… Bu yerda faqat muslimalarni zo‘rlagan bir manyak paydo bo‘ldi. Inson qiyofasidagi iblis. U faqat o‘rangan, hijobdagi ayollarni ta’qib qilardi…

Ular o‘zlarini himoya qilish uchun sharq yakkakurashlarini o‘rgana boshladilar. Mashqlar tugagan paytda ular taxtani qo‘llari bilan sindira oladigan bo‘ldilar. Men bir qizga shunday degan edim: “Zaynabxon! Mana shu taxtani 2001 yil 22 aprel kuni sindirasiz!”. Shu singlimiz bunga muvaffaq bo‘ldilar. Sindirgan taxtalarini esa uyga, ko‘zga ko‘rinarli joyga ilib qo‘yibdilar. Bir safar erlari jahl ustida bir qo‘l ko‘tarmoqchi bo‘libdilar, lekin taxtaga ko‘zlari tushib: “MashaaAlloh! MashaaAlloh!” debdilar, “Ishlar hamjihatlik bilan hal qilinadi” degan oyatni eslab qolibdilar…

O‘sha manyak keyinroq qo‘lga tushdi, qamalib ketdi. Lekin endi muslimalarimizning o‘zlariga bo‘lgan ishonchlari ancha kuchaygan edi. Bu ularga juda kerak! Bu islomiy shaxs tarbiyasining bir qismidir!

Boshqa mamlakatlarda ham masturalarga tajovuzlar bo‘lib turibdi. Unday bo‘lsa, o‘z-o‘zini himoya qilish usullarini o‘rganing!

So‘zimning oxirida muslima birodarlarimizdan uzr so‘rayman. Bizlarni kechiring. Biz ba’zan nima qilayotganimizni bilmay qolamiz. Men erkak birodarlarimizga ham murojaat qilaman: agar Siz haq yo‘lda bo‘lsangiz, Allohga hamdlar bo‘lsin! Biroq, agar xato qilayotgan bo‘lsangiz, tavba qiling, Allohga istig‘for ayting, rahm-shafqat, kuch-qudrat so‘rang, oilalarimizga bugungi kunda kuchayib ketayotgan kufr va zinodan panoh so‘rang. Shuningdek, Siz ko‘nglini og‘ritgan, zulm qilib qo‘yganladan ham uzr so‘rang, rozilik so‘rang, chunki mazlumning duosi bilan Robbimizning o‘rtasida parda yo‘qdir.

Manba: azon.uz

Kiritildi: 16:33 02.10.2018. O'qildi: 6680 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!