Evropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi yangi, 17-chi sanksiyalar paketida BAA, Vetnam, Turkiya, Serbiya va O‘zbekiston kompaniyalari nishonga olingan.
Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra, bular Rossiyaga cheklovlarni chetlab o‘tishga yordam berayotgan 20 ta firmadan iborat.
Sanksiyalar, shuningdek, "soya floti"ga tegishli 149 ta tankerga hamda 60 ga yaqin Rossiya va Xitoy kompaniyalari va fuqarolariga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Taqiqlangan eksport ro‘yxatiga ikki tomonlama foydalanish mumkin bo‘lgan tovarlar, jumladan kimyoviy moddalar va stanok qismlari qo‘shiladi.
FT manbalariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi bu choralarni Rossiyaga bosimni davom ettirish va Vengriyaning yangi cheklovlarni ma’qullashga tayyorligini sinash sifatida ko‘rmoqda. Ilgari Budapesht sanksiyalarning uzaytirilishini to‘xtatish bilan tahdid qilgan bo‘lsa-da, keyinchalik bunga rozilik bergan edi.