Bugun 15 noyabr, 2026 yil, yakshanba

КИР

Mossad" Tehron rejalarini fosh qildi: Eron Tramp va uning atrofidagilarga dronlar orqali hujum uyushtirishni rejalashtirmoqda

Mossad" Tehron rejalarini fosh qildi: Eron Tramp va uning atrofidagilarga dronlar orqali hujum uyushtirishni rejalashtirmoqda

Isroil tashqi razvedka xizmati «Mossad» AQSh maxsus xizmatlariga Eron tomonidan AQSh prezidenti Donald Tramp va uning ma’muriyatining yuqori lavozimli vakillariga suiqasd uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida ma’lumot berdi.

Bu haqda Israel Hayom nashri xabar bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ehtimoliy hujum usullaridan biri sifatida portlovchi moddalar bilan jihozlangan uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish ko‘rib chiqilgan. Olingan ma’lumotlar Vashingtonni mamlakat rahbariyati atrofidagi xavfsizlik choralarini kuchaytirishga majbur qilgan va Oq uyning Tehron bilan muzokaralardagi pozisiyasiga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.

Isroil va AQShning yuqori martabali manbalariga ko‘ra, «Mossad» Eron tomonidan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan aniq tahdidlar haqidagi razvedka ma’lumotlarini Markaziy razvedka boshqarmasiga (SRU) taqdim etgan. Bu ma’lumotlar yana bir G‘arb maxsus xizmati tomonidan ham tasdiqlangan. AQSh razvedkasi avval ham Tehronning bunday niyatlari haqida ma’lumotga ega bo‘lgan, biroq yangi materiallar xavf-xatar xususiyatini aniqlashtirish imkonini bergan va davlatning birinchi shaxslarini an’anaviy qo‘riqlash choralaridan kengroq himoya qilishni taqozo etgan.

Taxminlarga ko‘ra, Eronning rejalari Isroil va AQShning qo‘shma harbiy amaliyoti boshida Eron Islom Respublikasi oliy rahbari Ali Xomanaiyning o‘ldirilishi uchun qasos olish istagi bilan bog‘liq.

Shu fonda «Mossad» rahbari Roman Goffman AQShga tashrif buyurdi. U bu yerda xavfsizlik masalalari bo‘yicha, jumladan, SRU direktori Jon Retkliff bilan muntazam maslahatlashuvlar o‘tkazmoqda.

Amerikalik vazirlar harbiy bazalarga ko‘chirildi

Kelib tushgan tahdidlar sababli Tramp ma’muriyatining bir qator muhim a’zolari vaqtincha xususiy uylaridan qo‘riqlanadigan harbiy ob’ektlarga ko‘chirildi.

Jumladan, Vashingtonning Jorjtaun hududida yashagan moliya vaziri Skott Bessent xavfsizligi kuchaytirilgan harbiy bazaga olib borildi. U boshqarayotgan idora Tehronga nisbatan sanksiyaviy bosim o‘tkazishda muhim o‘rin tutadi.

Shunga o‘xshash choralar Eron bilan hozirgi shartlar asosida kelishuv tuzishga qarshi bo‘lgan Davlat kotibi Marko Rubioga nisbatan ham ko‘rildi. Mudofaa vaziri Pit Xegsetning xavfsizligi ham kuchaytirildi.

Tramp ochiq havoda o‘tkaziladigan tadbirlarini qisqartirdi

O‘zgarishlar AQSh prezidentining shaxsiy ish jadvaliga ham ta’sir ko‘rsatdi. Agar oraliq saylovlarga qadar Tramp muntazam ravishda ommaviy mitinglar o‘tkazgan bo‘lsa, hozir ochiq havoda tashkil etiladigan tadbirlar soni sezilarli darajada kamaygan.

Safarlarni tashkil etishda uchuvchisiz uchish apparatlari orqali hujumlardan himoyalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Manbalar ehtimoliy hujumlarning aniq joyi va vaqti haqida ma’lumot bermagan.

Tahdidlar muzokaralardagi taraqqiyotni to‘xtatdi

«Mossad» taqdim etgan razvedka ma’lumotlari Trampning Tehron bilan kelishuvga bo‘lgan munosabatini qayta ko‘rib chiqishiga sabab bo‘lgan asosiy omillardan biri bo‘ldi.

O‘tgan yil may oyidagi o‘zaro anglashuv memorandumiga o‘xshash dastlabki kelishuvlarga erishish istiqbollari ham sezilarli darajada yomonlashdi.

Eron tomoni yadroviy dasturni muhokama qilishga tayyorligini bildirgan, biroq avval dengiz blokadasini to‘xtatish, sanksiyalarning katta qismini bekor qilish va muzlatilgan aktivlarni ochishni talab qilgan.

Vashington xavfsizlik sohasida jiddiy yon berishlarsiz bu shartlarni qabul qilishdan bosh tortdi. Tahdidlar haqidagi yangi ma’lumotlar esa diplomatik jarayonni yanada sekinlashtirdi.

Tramp Vensni Eron masalasidagi muzokaralardan chetlatdi

Tehron bilan munosabatlardagi inqiroz fonida AQSh prezidenti muzokaralardan vise-prezident Jey Di Vensni chetlatdi. Vens diplomatik yo‘l bilan kelishuvga erishish tarafdori bo‘lib, respublikachilarning oraliq saylovlardagi mag‘lubiyatini Eron bilan davom etayotgan uzoq qarama-qarshilik bilan bog‘lagan edi.

Vens Eron vakillari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatishga uringani haqidagi xabarlardan so‘ng Tramp unga demokratiklar boshqarayotgan shtatlar va shaharlarda jinoyatchilik hamda korrupsiyaga qarshi kurashishga e’tibor qaratishni topshirdi.

Prezidentning o‘zi esa Tehron bilan kelishuvni endi zarur deb hisoblamasligini ochiq aytdi va AQSh ixtiyorida kuchli iqtisodiy bosim vositalari mavjudligini ta’kidladi.

Vashington yangi sanksiyalar va kuch ishlatish ssenariylarini ko‘rib chiqmoqda

Oq uyning keyingi strategiyasi hozircha to‘liq aniqlanmagan. Biroq ustuvor yo‘nalishlardan biri iqtisodiy blokadani yanada kuchaytirish bo‘lib qolmoqda.

AQSh ma’muriyati Eronning qolgan savdo yo‘llarini to‘sishga urinishi mumkin. Bunda Iroq va Turkiya orqali o‘tadigan quruqlik yo‘llariga alohida e’tibor qaratilishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, harbiy keskinlikning yanada kuchayishi xavfi saqlanib qolmoqda. Vashington Tehronning yadroviy ob’ektlar va raketa zavodlarini tiklashga urinishlarini, shuningdek, harbiy infratuzilmaning bir qismini yer ostiga ko‘chirishini diqqat bilan kuzatmoqda. Bu esa Eron Islom Respublikasining strategik ob’ektlariga ehtimoliy zarbalar berishni qiyinlashtirishi mumkin.

Kiritildi: Bugun 14:00. O'qildi: 422 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik