Bugun 11 noyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

Lavrov Yevropa vakillari ustidan kuldi

Lavrov Yevropa vakillari ustidan kuldi

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Abu-Dabiga kelgan Yevropa vakillarining Ukraina bo‘yicha muzokaralarda ishtirok eta olmaganini masxara qildi. Bugun u yerda AQSH, Rossiya va Ukraina delegasiyalari o‘rtasida urushni yakunlash masalasi bo‘yicha muzokaralar boshlandi. Yevropa davlatlari ham o‘z vakillarini BAAga yuborgan bo‘lsa-da, ular uchrashuvlarda bevosita ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lmadi.

«Evropaliklarning ishtirokiga kelsak, Abu-Dabiga uchib kelishibdi, mayli, mehmonxonada o‘tirishaversin», — dedi Lavrov Moskvadagi matbuot anjumanida.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, amerikalik muzokarachilar Rossiya tomonini yevropaliklar bilan alohida maslahatlashuvlar o‘tkazish niyati haqida oldindan xabardor qilgan.

Lavrov Yevropa tomonidan taklif etilgan o‘t ochishni to‘xtatish tashabbusini ham rad etdi. Uning fikricha, bunday tanaffus Ukrainaga o‘z qurolli kuchlarini qayta tiklash imkonini beradi.

«Keyin nima bo‘lishini tushunmasdan turib, navbatdagi sulhga yoki o‘t ochishni to‘xtatishga, bu qanday nomlanishidan qat’i nazar, rozi bo‘lmaymiz», — dedi Rossiya tashqi ishlar vaziri.

Muzokaralar o‘tkazilayotgan Abu-Dabiga Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Yevropa Ittifoqi va NATO vakillari ham kelgan. Biroq ular asosiy muhokamalarga jalb etilmagan.

AQSh prezidenti Donald Trampning kuyovi Jared Kushnerning bildirishicha, hozircha Yevropa hamkorlariga muzokaralar jarayoni haqida faqat ma’lumot berib boriladi.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful esa bunday muzokara formatiga norozilik bildirib, Yevropaga ham muzokaralar stolida joy ajratilishini talab qildi.

Kiritildi: 22:46 10.11.2026. O'qildi: 1410 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik