Bu haqda vazirlik va idoralarning rasmiy xabarlarida ma’lum qilingan.
Jumladan, Yangi Zelandiya Tashqi ishlar va savdo vazirligi juma kuni elektron pochta xizmatida uzilishlar yuzaga kelganini bildirdi.
«Microsoft tizimidagi global nosozlik tufayli vazirlikning elektron xatlarni qabul qilish imkoniyati cheklangan. Agar sizga shoshilinch konsullik yordami kerak bo‘lsa, biz bilan telefon orqali bog‘laning», — deyiladi rasmiy xabarda.
Mamlakat Immigrasiya xizmati ham barcha viza arizalarini ko‘rib chiqishni to‘xtatdi va Immigration Online platformasi orqali yangi arizalar qabul qilishni vaqtincha chekladi.
Nosozlik ko‘chmas mulk bozori regulyatori — REA faoliyatiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Idora hujjatlarni yuborish va moliyaviy hisob-kitoblarni amalga oshirish imkoniyati yo‘qligini ma’lum qildi.
Global uzilish natijasida Outlook elektron pochtasi va Microsoft 365 platformasining Teams hamda Copilot kabi boshqa xizmatlaridan foydalanishda ham muammolar kuzatildi.
Downdetector portali ma’lumotlariga ko‘ra, bir soat ichida nosozlik 74 ta mamlakat va hududda qayd etilgan. Muammolar hali to‘liq bartaraf etilmagan.
Microsoft vakili esa yuzaga kelgan nosozlik kiberhujum bilan bog‘liq emasligini bildirgan.