Surxondaryo viloyatining Bahoriston mahallasida yashaydigan 53 yoshli Salim Botirov (ism-sharifi o‘zgartirilgan) va kuyovi Jasur Turdimov Uzun tumanidagi ko‘ngilochar kafelarning birida xorijlik sayyoh bilan o‘zaro tortishib, uni kaltaklaydi.
Oqibatda chet ellik turist tan jarohati oladi. Jahl otiga minib, mehmonga qo‘l ko‘targan qaynota va kuyovga bu qilmishi ancha qimmatga tushdi.
Mazkur holat Jinoyat ishlari bo‘yicha Uzun tuman sudida ko‘rib chiqildi. Sud chog‘ida qilmishidan pushaymon bo‘lgan qaynota va kuyovning har biriga 6 million 800 ming so‘mdan jinoiy jarima jazosi tayinlandi.
Sudning MIB Denov tuman bo‘limi ish yurituviga qabul qilingan ijro hujjati asosida davlat ijrochilari tegishli harakatlarni olib bordi. Ijro hujjatining mazmuni va uning huquqiy oqibatlari tushuntirilib, qarzdor S.Botirov hamda uning kuyovi J.Turdimovga tayinlangan 13 million 600 ming so‘m jarima undirib olindi.